Qozogʻiston parlamenti bilan hamkorlik munosabatlari muhokama etildi

    Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Samarqand shahrida Qozogʻiston Parlamenti Senati Raisi oʻrinbosari Olga Perepechina hamda Qozogʻiston Parlamenti Majlisi Raisi oʻrinbosari Daniya Yespayeva bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqotda keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yuqori darajaga koʻtarilgani, barcha sohalardagi aloqalar jadal rivojlanayotgani alohida qayd etildi.

    Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti mintaqaviy platformasi ishini yanada faollashtirish, Oʻzbekiston va Qozogʻiston biznes doiralari, xususan, ishbilarmon xotin-qizlar oʻrtasida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Tadbirkor ayollar forumini oʻtkazish yuzasidan fikr almashildi.

    Har ikkala loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun parlamentlar oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtashi lozimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.