Parlament quyi palatasi maʼlumotiga koʻra, bugun Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Qozogʻiston Parlamenti Majilisi Raisi Yerlan Koshanov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida delegatsiya aʼzolariga “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston-Qozogʻiston oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama etildi.

Oʻz navbatida, Yerlan Koshanov ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil boʻlgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yoʻnalishdagi muloqotlarni koʻpaytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.