Xabarda aytilishicha, maktubda Qosim-Jomart Toqayev joriy yilning 14-16-noyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida Qozogʻiston delegatsiyasiga koʻrsatilgan iliq mehmondoʻstlik uchun oʻz minnatdorligini bildirgan.
Xatda mazkur tashrifning tarixiy ahamiyati qayd etilgan boʻlib, u Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqdoshlikni mustahkamlashga kuchli turtki bergani taʼkidlangan.
Qozogʻiston Prezidenti Toshkentda oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvi tashkil etilishini ham yuqori baholagan. Uning soʻzlariga koʻra, mintaqa hamkorligining barcha yoʻnalishlari boʻyicha mazmunli muhokamalar, qabul qilingan muhim qarorlar va hujjatlar, shuningdek, Ozarbayjonning toʻla huquqli ishtirokchi sifatida qoʻshilishi forumga strategik ahamiyatga ega voqea maqomini bergan.