Transport xizmatlarining yarmi avtotransportga toʻgʻri keladi. Bu yil 1,5 mingga yaqin avtobus olib kelingan boʻlsa-da, oʻsish 5,5 foizdan oshmagan.
Transport vazirligiga yana kamida 1 ming 200 ta avtobus sotib olib, yoʻnalishlarga chiqarish topshirildi. Shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonga avtobus qatnovlari 2 barobar oshiriladi.
Aviaxizmatlar bozorida ham raqobat paydo boʻldi, 6 ta xususiy kompaniya ish boshladi. Yil boshidan 25 ta yangi samolyot olib kelindi, 17 ta yoʻnalish ochildi.
Shunga qaramasdan, sohadagi xizmatlar hajmi 7,7 foiz oʻsgan, xolos. Transport vazirligi oldiga kelgusi yilda aviatashuvlar hajmini 20 foizga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Buning uchun Toshkent shahrini viloyat markazlari bilan bogʻlovchi har kuni kamida 2 tadan reys qoʻyiladi, viloyat markazlarini oʻzaro bogʻlovchi haftasiga kamida 1 tadan reys amalga oshiriladi, kamida 7 ta samolyot olib kelinib, yana 3 ta xalqaro yoʻnalish ochiladi.
Temir yoʻl boʻyicha ham tariflar qayta koʻrib chiqildi, keraksiz imtiyozlar bekor qilindi. Shuningdek, 6 ta tezyurar hamda shaharlararo qatnaydigan 30 ta elektr poyezd olib kelinmoqda.
Bu sohada kelgusi yilda kamida 20 foiz oʻsishni taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Yana bir masala – xalqaro tashuvlarda mahalliy transport-ekspeditor korxonalar ulushi kam.
Mahalliy ekspeditorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning xizmatidan foydalanilganda, import tovarlariga bojxona boji hisoblashda transport xarajatini chegirish, xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga qoʻshilgan qiymat soligʻidan imtiyoz berish imkoniyatini koʻrib chiqish taklif qilindi.