Qozogʻiston Respublikasining Yashil moliya markazi bilan hamkorlik

    Investitsiyalar 22 Iyun 2021 835

    Bugun, 22-iyunda, Toshkent shahar hokimligida poytaxtning ekologik sohadagi mintaqaviy loyihalarda ishtirokiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Yashil moliya markazi nomidan “Astana” Xalqaro moliya markazi maʼmuriyatining boshqaruvchi direktori Aydar Kazibayev ishtirok etdi. Mehmonni Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Xotambek Shakirov boshchiligidagi jamoa kutib oldi.

    Ikkala taraf ham ekologik sohadagi tahdidlardan xavotirda ekanligini va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan ekologik, ijtimoiy, energetik va investitsion loyihalarda ishtirok etish niyatini bildirdi.

    Aydar Kazibayev hamkorlikning turli imkoniyatlariga toʻxtalib, misol tariqasida investorlarni jalb qilishi mumkin boʻlgan “yashil obligatsiyalar” haqida soʻz yuritdi. Oʻz navbatida Xotambek Shakirov shaharning ushbu sohadan manfaatdorligini taʼkidlab, UJKX va “Maxsustrans” DUK bilan birgalikda “yashil investitsiyalar” uchun eng istiqbolli loyihalarni tanlab olishni taklif qildi.

    Taraflar Toshkent shahar hokimligi bilan Yashil moliya markazi oʻrtasidagi loyihalar istiqbollari va hamkorlik shakllarini aniqlash uchun ishchi munosabatlarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun

    Yashil moliya markazi – barqaror rivojlanish sohasida investitsion faoliyat tizimini rivojlantirish instituti boʻlib, munitsipalitetlar va boshqa davlat organlariga barqaror rivojlanish loyihalariga byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb qilishda koʻmaklashadi.