Qozogʻistonning “Kazaxstanskaya pravda“ elektron nashrining yozishicha, Toshkentda boʻlib oʻtgan “Bolalar uchun muloqot: Markaziy Osiyo va YUNISEF“ yuqori darajadagi konferensiyasi doirasida Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova va Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirlari Asilbek Xudoyorov oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Tomonlar sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, tibbiy yordam koʻrsatishda tajriba almashish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami boʻyicha mamlakatlar koalitsiyasi doirasida oʻzaro hamkorlik, shuningdek, Orolboʻyi aholisi salomatligiga taʼsir etuvchi ekologik omillarni kompleks oʻrganishga qaratilgan qoʻshma ilmiy loyihalarni muhokama qildilar.
Muloqot chogʻida bolalar salomatligini muhofaza qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qozogʻiston bolalar saratoni boʻyicha Xalqaro akademik markaz yaratishni taklif qilib, uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Milliy ilmiy onkologiya markazi negizida Kattalar onkologiyasi va onkogematologiyasi boʻyicha xalqaro xab, shuningdek, UMC yurak markazi negizida bolalar kardiojarrohligi xalqaro xabini tashkil etish, jumladan, qoraqalpogʻistonlik bolalarga yordam koʻrsatish imkoniyatlarini ham taklif etildi.
Tomonlar, shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida Xalqaro xab tashkil etish taklifini qoʻllab-quvvatladilar.









