Bu haqda Qozog'iston Respublikasi bosh sanitariya shifokori qarorida aytilgan.
Unga ko'ra, respublika sog'liqni saqlash muassasalarida niqob taqish tartibi joriy etiladi. Ushbu tashkilotlar rahbarlari “tibbiy tashkilotlarda xodimlar va tashrif buyuruvchilarning tibbiy niqoblardan foydalanishini, shuningdek, antiseptik vositalar mavjudligini ta'minlashi” shart.
Jamoat joylarida himoya vositalarini kiyish tavsiya etiladi.
“Transportning barcha turlarida, aholi gavjum joylarda (aeroportlar, vokzallar, bozorlar, savdo markazlari, teatrlar, kinoteatrlar, davlat xizmatlari markazlari, banklar va boshqalar) tibbiy yoki mato niqoblaridan foydalanish tavsiya etilsin”, deyiladi hujjatda.
7-fevral kuni COVID-19 sababli parlament majlisida majburiy niqob taqish rejimi joriy qilingan edi. Qozog'iston Respublikasi parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov va prezident maslahatchisi Qanat Bozumbayev koronavirus infeksiyasiga chalingan.
Jurnalistlardan parlamentdagi tadbirlar vaqtida tibbiy niqob taqish talab qilindi.
O'tgan yili Qozog'istonda kasallikning yengil yoki o'rtacha og'ir shaklini keltirib chiqaradigan koronavirusning yangi Eris shtammi aniqlangan edi, deb xabar beradi kz.kursiv.media.