Qozog'istonda ilk bor hokimlar saylanmoqda

    Mustaqil Qozog'iston tarixida birinchi marta bugun, 26 iyul kuni ovullar, aholi punktlari, ovul okruglari va tuman ahamiyatiga ega shaharlarning hokimlari saylovi bo'lib o'tmoqda.

    Bu haqda Kazinform xabariga ko'ra, bugun 730 ta aholi punkti hokimlari aholining bevosita ovoz berish yo'li bilan aniqlanadi. 2021 yildan boshlab ovul hokimlarining bevosita saylovlarini o'tkazish vazifasi Prezident Qosim-Jomart Toqaevning “Qozog'iston yangi vaziyatda: harakat davri” Murojaatnomasida belgilab berilgan.

    Hududiy saylov komissiyalarining ma'lumotlariga ko'ra, 730 ta okrug bo'yicha 2582 nomzod ko'rsatildi. Ularning 2297 tasi ro'yxatdan o'tkazildi. Nomzodlarning aksariyati o'zini o'zi tavsiya qilgan. Saylov to'g'risidagi qonunga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalar tufayli ovul hokimi bo'lib saylanishni istagan nomzodga o'zini o'zi ko'rsatish imkoniyati berildi. Ushbu imkoniyatdan 1419 kishi foydalanmoqda. SHuningdek, Adliya vazirligida ro'yxatdan o'tgan 6 ta siyosiy partiya tomonidan 878 nomzod ko'rsatildi.

    Saylovlar 14 viloyatdagi 1847 saylov uchastkasida bo'lib o'tadi. SHu yil oxirigacha jami 775 ta ovul hokimi saylanadi. Umuman olganda, mamlakatda 2346 ga yaqin ovul hokimi mavjud. Shuni hisobga olgan holda, 2022 yil boshiga qadar ovul hokimlari tarkibi uchdan biriga yangilanadi.