Qozogʻistonda “Oʻzbek kino kunlari” boʻlib oʻtadi

    Madaniyat 6 Dekabr 2021 2187

    Kinematografiya agentligi Qozogʻistonda “Oʻzbek kino kunlari”ni taqdim etadi.

    6-8-dekabr kunlari Qozogʻistonda “Oʻzbek kino kunlari” boʻlib oʻtadi. Unda taniqli kinoijodkorlardan iborat oʻzbek delegatsiyasi ham ishtirok etadi. Kinematografiya agentligi tomonidan suratga olingan oʻzbek filmlari Qozogʻiston milliy telekanallarida namoyish etiladi. Oʻzbek telekanallarida esa qozoq milliy filmlarining namoyishlari boʻlib oʻtadi. Eʼtiborlisi bunday loyiha ilk bora oʻtkazilmoqda.

    Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga tashrifi chogʻida madaniy hamkorlik aloqalarini yanada tiklash maqsadida tashkil etilyapti.

    Tadbirning ochilish marosimi Quanishbayeva nomidagi qozoq davlat akademik musiqa drama teatrida boʻlib oʻtadi, hamda ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, kinoijodkorlar bilan mahorat darslari, animatsion va hujjatli filmlar namoyishlari oʻtkazilishi bilan davom etadi.

    Tadbirning birinchi kunida Kinematografiya agentligi hamda “Vatan” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan rejissyor Hilol Nasimovning “Meros” hamda qolgan kunlari Jahongir Qosimovning “Kinomaniya” studiyasi tomonidan suratga olingan “Ibrat”, Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmlarining maxsus namoyishlari boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

    Eslatib oʻtamiz joriy yilda oʻzbek va qozoq ijodkorlari hamkorlikda “Meros” badiiy filmi va “Abay soʻzi” hujjatli kartinalarini suratga olgan. “Oʻzbek kinosi kunlari” doirasida hamkorlikdagi yangi filmlar “Qoʻshnilar“ (“Sosedi”) hamda “Eshelonlar Sharqqa ketadi” (“Eshelonы idut na Vostok”) kinoloyihalarining muhokamasi boʻlib oʻtadi.

    Alohida qayd etish kerakki, 6-dekabr kuni soat 10:00da Qozogʻistonning Xabar,“Yel Arna” telekanallarida “Ilxaq” “Alisher Navoiy” filmlari efirga uzatiladi. Oʻzbek telekanallarida esa “Nebo moyego detstva”, “Orexovoye detstvo”, “Kanikulы offlayn”, “Jau jurek mыn bala” kabi qozoq milliy filmlarining namoyishlari boʻlib oʻtadi, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.