O'zbekiston Biznesni Rivojlantirish hamda O'zbekiston Eksportchilari uyushmalari,  Qozog'istondagi hamkor tashkilot — “Bereke Azia Group” AJ bilan amalga oshirayotgan mazkur loyihaga ko'ra, savdo uyida yurtimizda  ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar o'rin oladi. 1 yil davomida to'liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning tantanali ochilish marosimi 7-sentyabr kuni Qozog'istonning Olmaota shahrida bo'lib o'tdi, deb yozadi uyushmalar matbuot xizmati.

Unda, O'zbekiston eksportchilari hamda O'zbekiston biznesni rivojlantirish uyushmalari rahbarlari boshchiligidagi o'zbek delegatsiyasi, shuningdek,  hamkor davlat tegishli tashkiloti vakillari va 100 ga yaqin qozoq importyorlari  ishtirok etdi. Tantanali marosimdan so'ng ikki davlat vakillari o'rtasida rasmiy tarzda 20 ga yaqin shartnomalar imzolandi. 

Hozircha Savdo uyidan 50 dan ortiq mahalliy tadbirkorlarimizning 400 ga yaqin turdagi to'qimachilik, qurilish materiallari, qandolat, qishloq xo'jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari o'rin olgan. Savdo uyining rasmiy ochilish marosimidan oldin u erga maxsulot joylagan 6 ta o'zbek kompaniyasi oldi-sotdi shartnomasini imzolashga ulgurgan.

Doimiy faoliyat olib boruvchi mazkur “shourum”ning maydoni 1000 kv.m bo'lib, teng yarmi ko'rgazmaga, qolgan qismi omborxona uchun ajratilgan. Dastlabki hisob-kitobga ko'ra, savdo uyi hududdida har bir tadbirkorga mahsulot namoyishi uchun 6 kv.m.dan bepul joy ajratilmoqda.  Yana 30 ga yaqin tadbirkorlar uchun maydon hozirlash ishlari davom etmoqda. Kelgusida Qozog'istonga katta hajmda tovar eksport qilgan mahalliy tadbirkorlar uchun yana 100 kv.m. joy ajratilib, o'z brendlari uchun maxsus shourum tashkil etish imkoni beriladi.

Savdo uyiga maxsulotini joylagan o'zbek eksportchilari joriy yilning sentyabr oyi so'ngida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan veb-sayt orqali tovarning sotilish jarayonini onlayn kuzatib turish imkoniga ega bo'ladilar.

Ma'lumot uchun, 2021-yilning hozirgi davriga qadar O'zbekiston Eksportchilari uyushmasi va O'zbekiston biznesni rivojlantirish uyushmalari tomonidan Afg'onistonda 2 ta, AQSH va  Qirg'izistonda 1 tadan shu kabi savdo uylari tashkil etilgan.