Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi koʻmagida Qozogʻistonda pasportlari noqonuniy tarzda olib qoʻyilgan yurtdoshimizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qaytarildi, deb xabar bermoqda «Dunyo« AA.
Bosh konsulxona maʼlumotiga koʻra, vatandoshimiz R.N. Olmaota shahar ichki ishlar organlari tomonidan olib qoʻyilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini olib berish va Oʻzbekistonga qaytishi uchun amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.
Maʼlum boʻlishicha, u Qozogʻistonga 2024-yil boshida ishlash maqsadida kelgan va qurilish sohasida vaqtincha ishga joylashgan. Ish beruvchi yurtdoshimizning pasportini olib qoʻygan va keyinchalik roʻyxatdan oʻtkazish uchun migratsiya politsiyasiga topshirgan. R.N. 2024-yil sentyabr oyida Olmaota shahri Naurizbay tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mamlakatda boʻlish qoidalarini buzish holati boʻyicha maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Shunga qaramay, u Qozogʻistonda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shugʻullanishda davom etgan.
Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari saʼy-harakatlari bilan R.N.ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qaytarildi.
Hamyurtimiz «Olmaota-Toshkent« yoʻnalishidagi avtobus orqali Oʻzbekistonga kuzatib qoʻyildi.