Qozogʻistonda qor yogʻishi kutilmoqda

    Qozogʻistonda 28—30-may kunlari navbatdagi siklon va u bilan bogʻliq atmosfera frontlarining taʼsiri ostida deyarli butun hududida yogʻingarchilik kuzatilishi kutilmoqda. Bu haqda “Kazgidromet” xabar berdi.

    Sinoptiklar bergan maʼlumotga koʻra, 28-may kuni mamlakatning shimoli va sharqida kuchli yomgʻir yogʻadi, kechasi esa ular qorga aylanishi mumkin. 28-mayda gʻarbda, shimolda va markazda, 29—30-may kunlari esa Qozogʻiston sharqida kechasi 3 darajagacha sovuq boʻlishi kutilmoqda. Faqat mamlakat gʻarbida yogʻingarchilik kuzatilmaydi, havo harorati asta-sekin isib boradi.

    Maʼlumot oʻrnida, oʻtgan dam olish kunlari Qozogʻistonda gʻayrioddiy sovuq kuzatilgandi. Mamlakatning koʻplab magistral avtomobil trassalarida toʻsatdan qor yogʻib, havo haroratining -3 darajagacha pasayib ketgani haydovchilarga qiyinchiliklar tugʻdirdi.

    “Kazgidromet” Olmaota filialining meteorologik prognoz boʻlimi boshligʻi Daulet Kisebayev bu normal holat ekanini tushuntirdi. U noldan past haroratlar boʻyicha rekord 1931-yil 4-mayda kuzatilganini aytdi.