Qozogʻistonda sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasida jabrlanganlar Oʻzbekistonga olib kelindi

    Ijtimoiy hayot 14 May 2022 893

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tezkor topshiriqlariga asosan Hukumat qarori bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining oʻrinbosari A.Latifjonov boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 13-may kuni soat 18:05 da Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib borib, Qozogʻiston Respublikasining masʼul idoralari rahbarlari bilan uchrashdi.

    Hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borildi. Soat 23:40 da Jualin tuman markaziy shifoxonasidan yoʻlga chiqib, 14-may kuni soat 04:55 da Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegarasi “Gʻishtkoʻprik” bojxona maskaniga yetib keldi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, Doʻst Qozogʻiston masʼullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatishda yaqindan koʻmak berishdi.

    Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sogʻliqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 2 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzili – Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan marosim tadbirlarini oʻtkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bugun, 14-may kuni baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etdi. Ayni paytda marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar koʻrilmoqda.

    Olib kelingan 23 nafar fuqarodan, 18 nafar jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirildi, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi boʻlgani uchun uyiga javob berildi.

    Hozirgi vaqtda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qatʼiy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar oʻtkazilmoqda.

    Transport vazirligi

    Axborot xizmati