Qozogʻistonda xalqaro va mintaqaviy turistik axborot markazlari oʻrtasidagi hamkorlik muhokama etildi

    Turizm 17 Iyun 2022 1375

    Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi delegatsiyasi 2022-yil 9–10-iyun Qozogʻistonda oʻtkazilgan “Turkiy davlatlar turistik axborot markazlarining I yigʻilishi”da ishtirok etdi.

    Mazkur yigʻilish “Qozogʻiston turizm” milliy kompaniyasi OAJ hamda Chimkent shahar hokimiyatining Turizm masalalari maʼmuriyati, “Visit Shymkent” turizm axborot markazi tashabbusi bilan tashkil etildi. Asosiy maqsad – xalqaro va mintaqaviy turistik axborot markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ichki va kirish turizmini rivojlantirish, yangi hududlararo va transmilliy sayyohlik yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha yagona konsepsiya yaratishdan iborat boʻldi.

    Yigʻilishda Tojikiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va boshqa tegishli turizm tashkilotlari onlayn ishtirok etdi. Asosiy tadbirlar 10-iyunda Qozogʻiston Respublikasi Chimkent shahrida boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilish davomida, asosan, ishtirokchi davlatlar tomonidan oʻz mamlakatining turizm salohiyatini targʻib etuvchi taqdimot materiallari va videoroliklar namoyish etildi.

    Chimkent shahri maʼmuriyati tomonidan “Turkiy davlatlar turistik axborot markazi” shtab kvartirasining Chimkent shahrida joylashishi bir ovozdan maʼqullandi. Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Chimkent shahri turizm maʼmuriyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Turistlarga xizmat koʻrsatish markazi” DUK va Navoiy viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.