Delegatsiya aʼzolari Qozogʻistonning mashhur “Xabar” telekanali, “Tengrinews” rasmiy axborot portali, “Topress.kz” sayti, “SCAT” aviakompaniyasi bort jurnali vakillari hamda turizm borasida qiziqarli sahifa yurituvchi va oʻz auditoriyasiga ega boʻlgan Dinara Agaliyeva, Aleksandr Soy, Yakov Fedorov kabi mashhur blogerlar? deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi axborot xizmati.

Infotur davomida delegatsiya aʼzolari Xorazm viloyatida sayohatda boʻlib, mamlakatimizning boy tarixi va qadim madaniyati hamda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi. OAV vakillari va blogerlar “Ichan qalʼa” va “Nurullaboy saroyi” boʻylab sayohat qilib, bunda madaniy meros obyektlarimiz betakrorligiga guvoh boʻlishdi. Tashrif davomida mehmonlar tomonidan Xivaning diqqatga sazovor manzillari boʻylab suratga olish jarayonlari amalga oshirilib, ommaviy axborot va internet kuzatuvchilari eʼtiboriga uzatiladi.

Mehmonlar Buxoro viloyatida ham boʻlib, Ark, Minorai Kalon, Miri Arab va Nodir devonbegi madrasalari, Magʻoki-Attori masjidi, Somoniylar maqbarasi va Sitorai Moxi Xossa saroyi kabi turli qadimiy obidalar hamda Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishishdi.

Delegatsiya aʼzolari Samarqand shahrida ham boʻlib, Registon maydoni, Amir Temur va Islom Karimov maqbaralari, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim va Hazrati Xizr masjidlari, Xodja Doniyor ziyoratgohi, Siyob bozori hamda Konigil turizm qishlogʻi boʻylab ajoyib mediakontentlarni suratga olishdi.

Shuningdek, xorijiy OAV vakillari Toshkent shahrining Hazrati Imom majmuasi, “Tashkent City” ishbilarmonlik markazi va Chorsu bozorlarida ham boʻlib yurtimizda turizm sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar va zamonaviy tendensiyalarga alohida eʼtibor qaratishdi. Xususan, mehmonlarda Toshkent shahrida joylashgan goʻzal va boy madaniyatimizni oʻzida aks ettirgan masjidlar yorqin taassurot qoldirdi.