Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlandi

    Salomatlik 2 Mart 2021 460

    1-mart kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldini qabul qildi. Tomonlar Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qildilar.

    Vazir I. Abdurahmonov Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligida amalga oshirilayotgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining sinov jarayonlari haqida maʼlumot berdi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy farmkompaniyasi bilan uch tomonlama memorandum doirasidagi III faza sinovlarida mazkur vaksinaning xavfsizligi yuqori baholanganini qayd etdi.

    Bugungi kunga kelib 6836 nafar koʻngilli vaksinaning 1-dozasi, 4453 nafar koʻngilli vaksinaning 2-dozasi va 283 nafar koʻngilli 3-doza bilan emlandi. Ushbu sinovda qatnashgan fuqarolarning 6 nafaridagina ozroq nojoʻya taʼsir – allergik reaksiya kuzatildi. Bu 0,01 foiz boʻlib, vaksinaning xavfsizligidan dalolat beradi.

    Oʻz navbatida Ilgʻor texnologiyalar markazi direktori oʻrinbosari Dilbar Dolimova ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaksina ekani tushuntirib, emlash jarayonida inson organizmiga koronavirusning tojining bir boʻlagi kiritilishi haqida gapirdi.

    – Bu usul nojoʻya taʼsirlarni oldini olishga xizmat qiladi, negaki unda faqatgina virusning tashqi oqsili ishlatiladi, – dedi D. Dolimova. – ZF-UZ-VAC2001 ni oddiy muzlatkichda 2-8 daraja haroratda saqlash mumkinligi ham mazkur vaksinaning ijobiy tomonidir.

    Darxan Satibaldi Oʻzbekiston va Xitoy davlatlari hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 yangi rekombinant vaksina sinovlari muvaffaqiyatli oʻtayotgani bilan qutladi. Shuningdek, ushbu vaksina borasida Qozogʻiston ommaviy axborot vositalarida ham materiallar berilayotgani haqida gapirdi. Elchi janoblari Oʻzbekiston-Xitoy vaksinasini Qozogʻistonga ham yetkazish masalasini muhokama qilish boʻyicha taklif tayyorlashini bildirdi.

    Suhbat yakunlangach, Qozogʻiston elchisi Darxan Satibaldi va ikki nafar Qozogʻiston elchixonasi xodimlari ZF-UZ-VAC2001 vaksinaning 1-dozasi bilan emlandilar.