Bundan avvalroq Respublika prezidenti Rustam Minnixanov qurbonlar orasida toʻrt nafar oʻgʻil bola va uchta qiz borligini aytgan edi. Ularning hammasi sakkizinchi sinf oʻquvchisi boʻlgan.

Tezkor xizmat vakillari esa 11 kishi halok boʻlgani haqida aytmoqda. Ularning ikki nafari jinoyatchi oʻqidan qutulib qolaman deb, uchinchi qavatdan sakragan.

Ertalab ikki qurollangan shaxs Javdat Fayzi koʻchasidagi 175-oʻrta maktab binosiga bostirib kirgan. Ularning biri qoʻlga olingan, ikkinchisi otib oʻldirilgan.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Qozon fojiasidan keyin qurol savdosi qoidalarini tezkorlik bilan qayta koʻrib chiqishga koʻrsatma berdi, dedi davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Shuningdek, Putin halok boʻlgan oʻquvchilarning ota-onalariga hamdardlik bildirdi.

Ayni paytda bolalar xavfsiz joyga koʻchirilgan, ular bilan ruhshunos ishlayapti, deyiladi xabarda.

Voqea boʻyicha jinoiy ish ochilgan. Binoda tezkor harakat davom etmoqda.

Shaharda terrorchilikka qarshi kurash amaliyoti rejimi joriy qilindi. Barcha oʻquv muassasalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Ertaga Tataristonda motam kuni eʼlon qilindi.

Vaqt oʻtgan sayin voqeaning yangi tafsilotlari ayon boʻlmoqda.

Otishma sodir etgan shaxs huquq himoyachilari bilan suhbatda oʻz qilmishining sababini oshkor qilgan. Bu haqda Life Shot Telegram-kanali xabar qilmoqda.

Kanalning yozishicha, otishma sodir etgan shaxs hech kimni yaxshi koʻrmasligini maʼlum qilgan. Maʼlum boʻlishicha, u ushbu maktabni toʻrt yil avval bitirgan ekan.