Hujjat bilan ikkita qoida kiritiladi:
- soliqlar to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar bo'yicha imtiyozlar, agar ularning o'zida ushbu soliqdan ozod qilish to'g'ridan-to'g'ri ko'rsatilmagan bo'lsa, ijtimoiy soliqqa nisbatan tatbiq etilmaydi;
- norezidentlar hisoblangan yuridik shaxslardan sotib olinadigan ishlar (xizmatlar) uchun QQS bo'yicha berilgan imtiyozlar, O'zbekistonda doimiy muassasalar orqali faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar-norezidentlar tomonidan taqdim etiladigan ishlarga (xizmatlarga) tatbiq etilmaydi.
SHuningdek Farmon bilan QQS bo'yicha imtiyozlarni bekor qilish hamda normativ-huquqiy hujjatlarni Soliq kodeksi, «Maxsus iqtisodiy zonalar to'g'risida»gi va «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonunlarga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.
Xususan, 2020 yil 1 oktyabrdan quyidagi holatlarda QQS bo'yicha imtiyozlar bekor qilinadi:
a) «Jeneral Motors O'zbekiston» AJ rasmiy dilerlarining avtomobillarni ta'mirlash va ularga servis xizmatlari ko'rsatish, jumladan ushbu xizmatlarni ko'rsatish vaqtida o'rnatiladigan ehtiyot qismlar, uzellar, agregatlar va materiallarning narxlari, shuningdek ehtiyot qismlar, uzellar, agregatlar va materiallarni ularning savdo tarmoqlari orqali sotishda (21.02.2008 yildagi PQ-800-son qarorga qarang);
Ma'lumot uchun: QQS to'lashdan ozod etish tufayli soliq summasini hisobga olishning imkoni bo'lmagan va u sotib olingan tovar qiymatida hisobga olingan, buning oqibatida rasmiy dilerda soliq to'lash zanjiri uzilganligi sababli yakuniy iste'molchi uchun ehtiyot qismlar narxi qimmatlashgan.
b) neft` va gaz konlarini qidirish va razvedka qilish ishlarini amalga oshiruvchi xorijiy kompaniyalar, shuningdek ular tomonidan jalb etiladigan xorijiy pudrat va yordamchi pudrat tashkilotlari tomonidan qidirish, razvedka qilish va boshqa tegishli ishlarni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan uskunalarni, moddiy-texnika resurslari va xizmatlarni import qilishda (28.04.2000 yildagi PF-2598-son Farmonga qarang);
v) «O'zto'qimachiliksanoat» uyushmasi a'zolari tomonidan import qilinadigan paxta, sun'iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar bo'yicha (14.12.2017 yildagi PF-5285-son Farmonga qarang). Bundan buyon import boji va aktsiz solig'i bo'yicha imtiyozlar to'qimachilik sanoatining barcha korxonalariga tatbiq etiladi;
g) elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan import qilinadigan uskunalar va materiallar bo'yicha (13.02.2017 yildagi PQ-2772-son qarorga qarang);
d) «O'zcharmsanoat» uyushmasi a'zolari tomonidan import qilinadigan uskunalar va butlovchi buyumlar bo'yicha (3.05.2018 yildagi PQ-3693-son qarorga qarang). Bundan buyon import boji va aktsiz solig'i bo'yicha imtiyozlar charm, mo'yna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so'yish, jun, qorako'l va sun'iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug'ullanadigan tashkilotlarga tatbiq etiladi.
SHuningdek Farmonda tovarlarni O'zbekistonda realizatsiya qiladigan korxonalar tomonidan eksport qiluvchi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlarni qo'llashga oid nizoli masalalar tartibga solingan (26.03.2012 yildagi PQ-1731-son qarorga qarang).
Ma'lumot uchun: Soliq kodeksiga muvofiq tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlovchi talablardan biri tovarlarni respublika bojxona hududidan olib chiqib ketish uchun ularni eksport rejimida chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining belgisi qo'yilgan BYUD hisoblanadi.
YOsh oilalarni, quruvchilarni, shuningdek kredit bo'yicha birgalikda qarz oluvchilar hisoblangan ularning oila a'zolarini qo'llab-quvvatlash maqsadida ipoteka krediti doirasida JSHDS bo'yicha imtiyozlarning amal qilish muddati (18.05.2007 yildagi PF-3878-son Farmonga hamda 22.11.2016 yildagi PQ-2660-son qarorga qarang) 2021 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarining xulosasiga ko'ra ipoteka krediti bo'yicha JSHDSdan ozod etish nomutanosib ravishda, daromadi yuqori bo'lgan oilalarga ko'proq daromad keltirmoqda.
Ma'lumot uchun: Soliq kodeksiga muvofiq yakka tartibdagi uy-joyning yoki ko'p qavatli uydagi xonadonning qiymati 300 mln so'mdan oshmasa hamda u dastlabki badalning va (yoki) ipoteka krediti bo'yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun byudjetdan ajratilgan subsidiyalarni hisobga olgan holda olingan bo'lsa, olingan ipoteka kreditlarini va ular bo'yicha hisoblangan foizlarni soliq davri davomida jami 15 mln so'mgacha bo'lgan miqdorda qoplashga yo'naltiriladigan soliq to'lovchining ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi.
SHuningdek quyidagilar uchun imtiyozlar nazarda tutilgan hujjatlar muvofiqlashtirildi:
- to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan korxonalar;
- maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 1.10.2020 yildan kuchga kiradi.