Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 dekabrdagi PF–246-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilindi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu Farmon bilan barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun bosqichma-bosqich yagona QR -kod orqali toʻlovlarni qabul qilish tizimi joriy etilishi belgilangan.
Unga koʻra, QR-kod orqali toʻlovlarni amalga oshirishning yagona tartibi hamda yagona QR-kod tizimi ishtirokchilarining vazifalari belgilandi.
Yagona QR-kod – foydalanuvchilarga istalgan bank yoki toʻlov tashkilotining mobil ilovasi orqali toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Mazkur qoidalar quyidagilarni nazarda tutadi:
- QR-kodlar statik va dinamik turlarga ajratiladi;
- barcha toʻlov tizimlarining yagona QR-kod tizimi orqali oʻzaro integratsiyasi taʼminlanadi;
- QR-kod tizimi operatori tomonidan toʻlovlar haqidagi maʼlumot va hisob-kitoblarlar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi va real vaqt rejimida QR-kod tizimi ishtirokchilariga yetkaziladi;
- QR-kod tizimi doirasida mijozlarni qoʻllab-quvvatlash xizmati va murojaatlarning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuklab olish imkoniyati yaratiladi.
Qoidalarga koʻra, har bir foydalanuvchiga mobil ilovalar orqali QR-kodni skanerlash, toʻlov summasini tasdiqlash va har bir operatsiya boʻyicha onlayn maʼlumotnoma olish va tranzaksiyalar tarixi bilan tanishish imkoniyati taqdim etiladi.