Eng muhimi, qoʻshimcha qiymat yaratish iqtisodiy oʻsish va daromadni koʻpaytirishda asosiy omil. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ikkinchi ustuvor yoʻnalish sifatida iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish belgilangan.

Shu doirada qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2026-yil  fevral oyida Surxondaryoga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Qiziriq, Uzun va Oltinsoy tumanlarida meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymat yaratish loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar esa mahalliy xoʻjaliklar rivojiga va qishloq hududlardagi daromadlarni yanada oshirishga xizmat qilyapti.

Respublikadagi ogʻir toifali hududlar qatoriga kiritilgan Qiziriq tumanida zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash orqali yetishtirilgan mahsulotlar hosildorligini oshirish, fermer va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotlarni qayta ishlash va bozorda yuqori qiymat bilan sotish, shuningdek, eksport va ichki bozor uchun mahsulot turini koʻpaytirishga erishilmoqda.

Tumanda Bandixon ilmiy tajriba stansiyasi filiali bor. Salkam 500 gektar tajriba maydonida kivi, olma, zaytun kabi mevalar parvarish qilinadi. Bu tajriba maydoni qishloq xoʻjaligida ilmiy usullar va texnologiyalarni keng tatbiq etish, ­mahsulot hosildorligi va sifatini oshirish, shuningdek, qoʻshilgan qiymat uchun muhim zamin yaratadi.

Tumandagi Bogʻbonlar yurti mahallasida mevali daraxtlarning xorijdan keltirilgan serhosil navlarini yetishtirish va parvarishlash boʻyicha tajriba oʻtkazilmoqda. Bu qoʻshilgan qiymat yaratishning innovatsion usuli sifatida ahamiyatli. Chunki serhosil navlar mahalliy sharoitga moslashtiriladi va hosildorlik yuqori boʻladi. Mahsulot ­turini koʻpaytirish va bozorda yuqori qiymat bilan sotish imkonini beradi.

Zaytun — foydali servitamin meva beradigan daraxt. Mintaqamizda zaytunning tabiiy sharoitga moslashishi oʻta qiyin hisoblangan. Lekin olimlarimiz tajriba maydonlarida oʻtkazgan tadqiqotlar zaytunning yurtimizda ham yuqori hosil berishini isbotladi.

— Zaytun nafaqat sogʻliq uchun foydali, balki qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymat yaratishda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki zaytundan qoʻshimcha mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Uning mevasi vitaminlarga boy va salomatlik uchun muhim antioksidantlarga ega. Bir soʻz bilan aytganda, koni foyda, — deydi Bandixon ilmiy tajriba ­stansiyasining Qiziriqdagi filiali agronomi Sherali Hayitov. — Stansiyamizda oʻtkazilgan ilmiy tadqiqot va tajribalar, zaytunni mahalliy sharoitga moslashtirish boʻyicha harakatlarimiz oʻz samarasini berdi. Dastlabki natijalarimiz ham yomon emas. Joriy yilda Surxondaryo viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlashni 16 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2025-yildagi yalpi hududiy mahsulotda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish hajmi 42,2 trillion soʻmni tashkil etgan. Joriy yilda yalpi hududiy mahsulot 103,5 foiz oʻsishi kutilyapti.

Surxondaryoda limonchilik, uzumchilik, xurmo va anjir kabi mevachilikni rivojlantirish maqsadida amaliy chora-tadbirlar koʻrildi. Xususan, fuqarolarga xurmoning serhosil navlari koʻchatlari tarqatildi. Bu tashabbus orqali hosildorlik oshiriladi, mahsulotning bir qismini qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish orqali qoʻshilgan qiymat yaratiladi.

Uzun tumanining Yangi kuch mahallasida xurmochilikka ixtisoslashuvni chuqurlashtirish maqsadida maxsus tadbirlar koʻrildi. “Bitta mahalla, bitta koʻcha, 40 ta xonadon” tamoyili asosida Madaniyat koʻchasidagi xonadonlar xatlovdan oʻtkazilib, xurmo va anjirga boʻlgan talab oʻrganildi. 

— Mahallamizda 40 ta xonadon tanlab olindi. Shaxsiy tomorqalarda agronomlar tomonidan tuproq va suv tahlillari oʻtkazildi. Fuqarolarga 1320 tup xurmo koʻchati ekib berildi, — deydi “Yangi kuch” MFY raisi Kamol Yoqubov.

Uzun tumanida xurmo va anjir yetishtirishni rivojlantirish maqsadida Mirzohid Madrahimov xonadonida “Xonadon maktabi” tashkil etilgan. Hozirgi kunga unda 300 dan ortiq fermer, dehqon xoʻjaliklari rahbarlari, tomorqa yer egalari xurmo va anjirni toʻgʻri parvarishlash, hosildorlikni oshirish va qoʻshilgan qiymat yaratish boʻyicha oʻqitildi. “Xonadon maktabi”da malaka oshirgan fuqarolar egallagan bilim va koʻnikmalarini oʻz tomorqalari va mahallasida joriy etmoqda. Bu ijobiy tajribani boshqa tumanlarda ham bosqichma-bosqich qoʻllash mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.

Uzun tumanida mahsulot yetishtirishdan tortib, eksportgacha zanjir yaratish maqsadida milliy brend ostida xurmo bogʻi va anjir plantatsiyasi yaratish hamda mevalarni saqlash uchun ulkan muzlatkich va qayta ishlash uchun qiymati 16 milliard boʻlgan agrokompleks loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yerda mahsulotlar qayta ishlanib, qoʻshimcha qiymat yaratiladi.

Maʼlumotga koʻra, Surxondaryo vohasida 2025-2026-yillarda 95 ming 480 tup xurmo va anjir koʻchati tarqatilgan. 2026-yilda esa 100 gektar maydonda xurmo va anjir plantatsiyasi tashkil etilishi koʻzlangan. Bu tashabbus bandlikni taʼminlash va eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi. 

Oltinsoy respublikadagi 70 ta ogʻir tuman qatoriga kiradi va bu hududlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman va shaharlar” konsepsiyasi asosida meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish orqali qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu tumanda 5,3 ming gektar uzumzor mavjud. Ularning 3,7 ming gektarida xoʻraki, 451 gektarida mayizbop, 1,5 ming gektarida sanoatbop uzum yetishtiriladi. Bundan koʻrinib turibdiki, hududda uzumchilik sektori yaxshi rivojlangan va uni qayta ishlash bilan qoʻshimcha qiymat yaratish imkoniyatlari katta. Masalan, sanoatbop navlar asosida uzum sharbati, konservalar va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish orqali mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin.

Oltinsoy tumanida yana bir tarmoq — issiqxonachilik sektori tobora rivojlanib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda tumanda 45,2 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar tashkil etilgan. U yerlarda korxona va dehqon, fermer xoʻjaliklari tomonidan sabzavot yetishtirish samarali yoʻlga qoʻyilgan hamda iqlimga mos hosildor navlar parvarishlanmoqda.

Issiqxonachilikda qoʻshilgan qiymat yaratish bir necha asosiy yoʻnalishga tayanadi. Yaʼni sabzavot va meva asosida konserva, sharbat hamda boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish orqali qiymat oshiriladi. Bundan tashqari, iqlimga mos navlarni parvarishlash, texnologiyalarni joriy qilish va zamonaviy ishlab chiqarish usullarini qoʻllash bilan hosildorlik va mahsulot sifatini yaxshilashga erishiladi. Bu jarayonlar esa Oltinsoydagi issiqxonachilikni nafaqat mahsulot yetishtirish, balki qayta ishlash va qoʻshimcha qiymat yaratishning muhim drayveriga aylantirmoqda.

Oltinsoy tumanida jami 853 ta fermer xoʻjaligi faoliyat yuritmoqda. Ularning 110 tasi bogʻdorchilikka, 161 tasi bogʻdorchilik va uzumchilikka, 404 tasi maxsus uzumchilikka, 16 tasi sabzavot va poliz yetishtirishga, 26 tasi esa sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, tumanda uzumchilik va bogʻdorchilik sektori asosiy oʻrinni egallaydi va mahalliy iqtisodiyotning ustun yoʻnalishi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Tuman yiliga 26,5 ming tonna uzum va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash imkoniyatiga ega. Buning uchun 3 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu esa fermerlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar qiymatini oshirish va bozorda yanada yuqori narx bilan sotish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, uzum va sabzavotni qayta ishlash quvvati bu neʼmatlarning faqat ­xomashyo emas, balki tayyor mahsulot shaklida qoʻshilgan qiymat bilan bozorga chiqishini taʼminlaydi.

Togʻli Oltinsoy tumanida 2,7 ming gektar tomorqa mavjud. Mingchinor mahallasida uzumchilik drayver sifatida tanlangan va mayiz yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Aytish kerak, qishloqlarda anʼanaviy holda mehnat koʻp, lekin daromad nisbatan kam. Oldin xom­ashyo yetishtirilgan va uning bozor qiymati doim arzon hisoblangan. Endi esa oltinsoyliklar qoʻshilgan qiymat yarata boshladi. Misol uchun, Rushtibek Turdiyev oilasi 2025-yilda 100 tonna mayiz eksport qildi va katta daromadga erishdi.

Meva-sabzavot va uzumchilikda qoʻshilgan qiymat yaratish tajribasi koʻrsatadiki, agar moliyaviy resurslar samarali yoʻnaltirilsa hamda ilm va zamonaviy texnologiya qoʻllanilsa, mahalliy mahsulotdan milliy brend yaratish mumkin. Bu jarayon oddiy qishloq xoʻjaligi loyihasi emas, balki  qishloqni boyitish orqali mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning amaliy modeli. Yaʼni yoʻlga qoʻyilgan loyihalar fermer va ishlab chiqaruvchilarning daromadini shakllantiradi, ilm va texnologiyani qoʻllash esa mahsulot sifatini yaxshilab, qiymatini oshiradi. Xususan, joriy yilda Oltinsoy tumanida olinishi kutilayotgan 58,1 ming tonna uzumning 55-60 foizi eksportga, 20 foizi esa qayta ishlashga, yana 20 foiz hosil ichki isteʼmol uchun yoʻnaltiriladi.

Bu tashabbus meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, mahsulot turini koʻpaytirish va eksport zanjirini shakllantirishga qaratilgan boʻlib, aholi daromadini oshiradi, tuman iqtisodiy salohiyatini kuchaytiradi hamda qishloq xoʻjaligi sektorida qoʻshilgan qiymat yaratish modelini amaliyotga tatbiq etadi.

Sarvar TOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri