Eng muhimi, qoʻshimcha qiymat yaratish iqtisodiy oʻsish va daromadni koʻpaytirishda asosiy omil. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ikkinchi ustuvor yoʻnalish sifatida iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish belgilangan.
Shu doirada qishloq xoʻjaligida
qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan,
Prezidentimizning 2026-yil fevral oyida
Surxondaryoga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash
maqsadida Qiziriq, Uzun va Oltinsoy tumanlarida meva-sabzavot va uzum
mahsulotlarini qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymat yaratish loyihalari
amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar esa mahalliy xoʻjaliklar rivojiga va
qishloq hududlardagi daromadlarni yanada oshirishga xizmat qilyapti.
Respublikadagi ogʻir toifali hududlar
qatoriga kiritilgan Qiziriq tumanida zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash orqali
yetishtirilgan mahsulotlar hosildorligini oshirish, fermer va mahalliy ishlab
chiqaruvchilar tomonidan mahsulotlarni qayta ishlash va bozorda yuqori qiymat
bilan sotish, shuningdek, eksport va ichki bozor uchun mahsulot turini
koʻpaytirishga erishilmoqda.
Tumanda
Bandixon ilmiy tajriba stansiyasi filiali bor. Salkam 500 gektar tajriba
maydonida kivi, olma, zaytun kabi mevalar parvarish qilinadi. Bu tajriba
maydoni qishloq xoʻjaligida ilmiy usullar va texnologiyalarni keng tatbiq
etish, mahsulot hosildorligi va sifatini oshirish, shuningdek, qoʻshilgan
qiymat uchun muhim zamin yaratadi.
Tumandagi
Bogʻbonlar yurti mahallasida mevali daraxtlarning xorijdan keltirilgan serhosil
navlarini yetishtirish va parvarishlash boʻyicha tajriba oʻtkazilmoqda. Bu
qoʻshilgan qiymat yaratishning innovatsion usuli sifatida ahamiyatli. Chunki
serhosil navlar mahalliy sharoitga moslashtiriladi va hosildorlik yuqori
boʻladi. Mahsulot turini koʻpaytirish va bozorda yuqori qiymat bilan sotish
imkonini beradi.
Zaytun
— foydali servitamin meva beradigan daraxt. Mintaqamizda zaytunning tabiiy
sharoitga moslashishi oʻta qiyin hisoblangan. Lekin olimlarimiz tajriba
maydonlarida oʻtkazgan tadqiqotlar zaytunning yurtimizda ham yuqori hosil
berishini isbotladi.
—
Zaytun nafaqat sogʻliq uchun foydali, balki qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan
qiymat yaratishda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki zaytundan qoʻshimcha
mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Uning mevasi vitaminlarga boy va
salomatlik uchun muhim antioksidantlarga ega. Bir soʻz bilan aytganda, koni
foyda, — deydi Bandixon ilmiy tajriba stansiyasining Qiziriqdagi filiali
agronomi Sherali Hayitov. — Stansiyamizda oʻtkazilgan ilmiy tadqiqot va
tajribalar, zaytunni mahalliy sharoitga moslashtirish boʻyicha harakatlarimiz
oʻz samarasini berdi. Dastlabki natijalarimiz ham yomon emas. Joriy yilda
Surxondaryo viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlashni 16 foizga yetkazish
rejalashtirilgan. 2025-yildagi yalpi hududiy mahsulotda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini
yetishtirish va ishlab chiqarish hajmi 42,2 trillion soʻmni tashkil etgan.
Joriy yilda yalpi hududiy mahsulot 103,5 foiz oʻsishi kutilyapti.
Surxondaryoda
limonchilik, uzumchilik, xurmo va anjir kabi mevachilikni rivojlantirish
maqsadida amaliy chora-tadbirlar koʻrildi. Xususan, fuqarolarga xurmoning
serhosil navlari koʻchatlari tarqatildi. Bu tashabbus orqali hosildorlik
oshiriladi, mahsulotning bir qismini qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish
orqali qoʻshilgan qiymat yaratiladi.
Uzun
tumanining Yangi kuch mahallasida xurmochilikka ixtisoslashuvni
chuqurlashtirish maqsadida maxsus tadbirlar koʻrildi. “Bitta mahalla, bitta
koʻcha, 40 ta xonadon” tamoyili asosida Madaniyat koʻchasidagi xonadonlar
xatlovdan oʻtkazilib, xurmo va anjirga boʻlgan talab oʻrganildi.
—
Mahallamizda 40 ta xonadon tanlab olindi. Shaxsiy tomorqalarda agronomlar
tomonidan tuproq va suv tahlillari oʻtkazildi. Fuqarolarga 1320 tup xurmo
koʻchati ekib berildi, — deydi “Yangi kuch” MFY raisi Kamol Yoqubov.
Uzun
tumanida xurmo va anjir yetishtirishni rivojlantirish maqsadida Mirzohid
Madrahimov xonadonida “Xonadon maktabi” tashkil etilgan. Hozirgi kunga unda 300
dan ortiq fermer, dehqon xoʻjaliklari rahbarlari, tomorqa yer egalari xurmo va
anjirni toʻgʻri parvarishlash, hosildorlikni oshirish va qoʻshilgan qiymat
yaratish boʻyicha oʻqitildi. “Xonadon maktabi”da malaka oshirgan fuqarolar
egallagan bilim va koʻnikmalarini oʻz tomorqalari va mahallasida joriy etmoqda.
Bu ijobiy tajribani boshqa tumanlarda ham bosqichma-bosqich qoʻllash mexanizmi
yoʻlga qoʻyildi.
Uzun
tumanida mahsulot yetishtirishdan tortib, eksportgacha zanjir yaratish
maqsadida milliy brend ostida xurmo bogʻi va anjir plantatsiyasi yaratish hamda
mevalarni saqlash uchun ulkan muzlatkich va qayta ishlash uchun qiymati 16
milliard boʻlgan agrokompleks loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yerda
mahsulotlar qayta ishlanib, qoʻshimcha qiymat yaratiladi.
Maʼlumotga
koʻra, Surxondaryo vohasida 2025-2026-yillarda 95 ming 480 tup xurmo va anjir
koʻchati tarqatilgan. 2026-yilda esa 100 gektar maydonda xurmo va anjir
plantatsiyasi tashkil etilishi koʻzlangan. Bu tashabbus bandlikni taʼminlash va
eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Oltinsoy
respublikadagi 70 ta ogʻir tuman qatoriga kiradi va bu hududlarni rivojlantirishga
alohida eʼtibor qaratilgan. “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman va shaharlar”
konsepsiyasi asosida meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlashni
rivojlantirish orqali qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan loyihalar amalga
oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu tumanda 5,3 ming gektar uzumzor mavjud.
Ularning 3,7 ming gektarida xoʻraki, 451 gektarida mayizbop, 1,5 ming gektarida
sanoatbop uzum yetishtiriladi. Bundan koʻrinib turibdiki, hududda uzumchilik
sektori yaxshi rivojlangan va uni qayta ishlash bilan qoʻshimcha qiymat
yaratish imkoniyatlari katta. Masalan, sanoatbop navlar asosida uzum sharbati,
konservalar va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish orqali mahalliy
iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin.
Oltinsoy
tumanida yana bir tarmoq — issiqxonachilik sektori tobora rivojlanib bormoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda tumanda 45,2 gektar maydonda zamonaviy
issiqxonalar tashkil etilgan. U yerlarda korxona va dehqon, fermer xoʻjaliklari
tomonidan sabzavot yetishtirish samarali yoʻlga qoʻyilgan hamda iqlimga mos
hosildor navlar parvarishlanmoqda.
Issiqxonachilikda
qoʻshilgan qiymat yaratish bir necha asosiy yoʻnalishga tayanadi. Yaʼni
sabzavot va meva asosida konserva, sharbat hamda boshqa tayyor mahsulotlar
ishlab chiqarish orqali qiymat oshiriladi. Bundan tashqari, iqlimga mos
navlarni parvarishlash, texnologiyalarni joriy qilish va zamonaviy ishlab
chiqarish usullarini qoʻllash bilan hosildorlik va mahsulot sifatini
yaxshilashga erishiladi. Bu jarayonlar esa Oltinsoydagi issiqxonachilikni
nafaqat mahsulot yetishtirish, balki qayta ishlash va qoʻshimcha qiymat
yaratishning muhim drayveriga aylantirmoqda.
Oltinsoy
tumanida jami 853 ta fermer xoʻjaligi faoliyat yuritmoqda. Ularning 110 tasi
bogʻdorchilikka, 161 tasi bogʻdorchilik va uzumchilikka, 404 tasi maxsus
uzumchilikka, 16 tasi sabzavot va poliz yetishtirishga, 26 tasi esa sabzavot
yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, tumanda
uzumchilik va bogʻdorchilik sektori asosiy oʻrinni egallaydi va mahalliy
iqtisodiyotning ustun yoʻnalishi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Tuman
yiliga 26,5 ming tonna uzum va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash
imkoniyatiga ega. Buning uchun 3 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu esa
fermerlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar qiymatini oshirish va bozorda
yanada yuqori narx bilan sotish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, uzum va
sabzavotni qayta ishlash quvvati bu neʼmatlarning faqat xomashyo emas, balki
tayyor mahsulot shaklida qoʻshilgan qiymat bilan bozorga chiqishini taʼminlaydi.
Togʻli
Oltinsoy tumanida 2,7 ming gektar tomorqa mavjud. Mingchinor mahallasida
uzumchilik drayver sifatida tanlangan va mayiz yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.
Aytish kerak, qishloqlarda anʼanaviy holda mehnat koʻp, lekin daromad nisbatan
kam. Oldin xomashyo yetishtirilgan va uning bozor qiymati doim arzon
hisoblangan. Endi esa oltinsoyliklar qoʻshilgan qiymat yarata boshladi. Misol
uchun, Rushtibek Turdiyev oilasi 2025-yilda 100 tonna mayiz eksport qildi va
katta daromadga erishdi.
Meva-sabzavot
va uzumchilikda qoʻshilgan qiymat yaratish tajribasi koʻrsatadiki, agar
moliyaviy resurslar samarali yoʻnaltirilsa hamda ilm va zamonaviy texnologiya
qoʻllanilsa, mahalliy mahsulotdan milliy brend yaratish mumkin. Bu jarayon
oddiy qishloq xoʻjaligi loyihasi emas, balki
qishloqni boyitish orqali mamlakat iqtisodiyotini barqaror
rivojlantirishning amaliy modeli. Yaʼni yoʻlga qoʻyilgan loyihalar fermer va
ishlab chiqaruvchilarning daromadini shakllantiradi, ilm va texnologiyani
qoʻllash esa mahsulot sifatini yaxshilab, qiymatini oshiradi. Xususan, joriy
yilda Oltinsoy tumanida olinishi kutilayotgan 58,1 ming tonna uzumning 55-60
foizi eksportga, 20 foizi esa qayta ishlashga, yana 20 foiz hosil ichki
isteʼmol uchun yoʻnaltiriladi.
Bu
tashabbus meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, mahsulot turini koʻpaytirish va
eksport zanjirini shakllantirishga qaratilgan boʻlib, aholi daromadini
oshiradi, tuman iqtisodiy salohiyatini kuchaytiradi hamda qishloq xoʻjaligi
sektorida qoʻshilgan qiymat yaratish modelini amaliyotga tatbiq etadi.
Sarvar TOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri