Yangi oʻquv yili uchun maktab formasi tikish viloyatdagi 12 ta toʻqimachilik korxonasiga yuklatilgan. Shuningdek, ularga 32 ta qoʻshimcha tikuv korxonalari yordam bermoqda. Ayni kunda viloyatda jami 44 ta korxona oʻquvchilar uchun maktab formasi tayyorlamoqda.

– Maktab formasi oʻquvchilarning yoshiga qarab, 200 ming soʻmdan 400 ming soʻmgacha tikilyapti, – deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Akmal Olimov. – Matosi yevro materialdan boʻlib, 1-6-sinfgacha boʻlgan bolalar uchun erkin bichimda, 7-11-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilar uchun klassik bichimda tayyorlanyapti. Maktab formasi oʻgʻil bolalar uchun kostyum, nimcha, shim, qiz bolalar uchun kostyum, nimcha, yubkadan iborat.

Maktab formasi uchun ishlatilayotgan mato Xitoydan bir metri 5 dollardan keltirilmoqda. Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ayrim tikuv korxonalari maʼlum maktablarga biriktirilgan boʻlsa, ayrim korxonalar hududiy ehtiyojdan kelib chiqib, maktab formalari tayyorlamoqda.

Bu yilgi maktab formalari kam taʼminlangan oila farzandlari, shuningdek, “Ayollar”, “Yoshlar”, “Temir” daftarlarga kiritilgan oila farzandlariga hokimliklar tomonidan bepul beriladi. Viloyatimizda taxminan 60 mingdan ziyod oʻquvchi yuqoridagi toifa farzandlari boʻlgani sababli ular bepul maktab formalari bilan taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-maydagi “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, maktab yarmarkalari aholiga qulay boʻlgan tuman (shahar) markazlarida 10-avgustdan boshlab tashkil etiladi.

Xurshida Ernazarova