“Oʻzbekneftgaz” AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish va gaz quvurlarida siqilishlarni oldini olish maqsadida “Qulbeshkak” konidagi mavjud diametri Ø159mm va Ø168mm li gaz kollektorlarining gaz oʻtkazish quvvati oshirildi.

Yangi qurilgan kirish tarmogʻi blokining 3-navbatidan kondagi kirish tarmogʻi blokining 2-navbatigacha diametri Ø426mm boʻlgan 2,6 km uzunlikdagi qoʻshimcha tabiiy gaz quvuri qurilib, ishga tushirildi.

Natijada 2021-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan ishga tushiriladigan 58-, 59-, 60-, 61-, 62-, 63-sonli quduqlar va “2017–2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib chiqarishni koʻpaytirish Dastur”i doirasida burgʻilanib, ishga tushirilishi kutilayotgan 52-, 53-, 54-, 56-, 57-sonli quduqlardan qazib olinadigan tabiiy gaz yangi qurilgan gaz quvuri bilan “Qulbeshkak – Gazli” GQIZ gaz quvuri orqali Gazli gazni qayta ishlash zavodiga uzatish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, mavjud quvurlarda bosimlar farqining kamayishi hamda gidravlik qarshiliklar oldi olinishi hisobiga quvurlarning gaz oʻtkazish quvvati oshirilib, kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi koʻpayishiga erishildi.
Ushbu gaz quvurining qurilish montaj ishlari “Janubgazqurilish” AJ tomonidan amalga oshirildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Qulbeshkak” koni Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida joylashgan boʻlib, 2008-yilda ishga tushirilgan.