Bu muammo yoshlarda ham uchrab turibdi. Bu shovqinli joylarga tashrif buyurish, shuningdek, quloqchinlarda baland ovozda musiqa tinglash bilan bogʼliq.
Quloqlarda shovqin boʼlishi bolalarda kamdan-kam uchraydi. Tugʼma karligi boʼlgan odamlarni esa bu masala umuman qiynamaydi.
Ushbu xastalikka chalingan bemorlarning 85 foizi 250 – 8000 Hz tebranish oraligʼidagi tovushlarni eshitish imkoniyatidan mahrum boʼlishi tasdiqlangan.
Tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, quloqlardagi shovqin koʼproq erkaklarda, ortiqcha vazni bor kishilar, shuningdek, yuqori qon bosimi, qandli diabet, dislipidemiya xastaliklari boʼlgan bemorlarda koʼproq uchraydi.
Tinnitusning — arterial gipertenziya, boʼyin osteoxondrozi, otit, sensonevral eshitish zaifligi, qon tomirlari aterosklerozi, stress, endokrin kasalliklar, eshitish nervlarining nevrinomasi, tarqoq skleroz singari bir necha omillar taʼsirida faollashishi isbotlangan.
Bundan tashqari, baʼzi dorilarni qabul qilish, yaqin masofada kuchli pirotexnikaning portlashi, kontsertlardagi oʼta baland tovush taʼsiridagi barotravma va akustik jarohatlar ham quloq shangʼillashiga sabab boʼladi.
Tinnitusdan aziyat chekuvchi bemorlar quloqdagi shovqin uyquga ketishdan oldin, atrofda jimjitlik paydo boʼlganda nihoyatda aniq eshitilishini taʼkidlashadi. Diqqatni shovqinga qaratish uyqusizlikka olib kelishi mumkin.
Аgar xastalik rivojlanishda davom etsa, quloq shangʼillashi kunduzi, shovqinli muhitda ham bezovta qila boshlaydi.
Bemor bu tovushga tobora koʼproq diqqat qaratishi natijasida uning psixoemotsional taʼsirchanligi ortadi. Kayfiyati yomonlashib, depressiv reaktsiyalar rivojlanishi mumkin. Tinnitus kasalligi kuzatilganda, avvalo, uning sababini aniqlashga yordam beradigan tekshiruvlar oʼtkazilishi zarur.
Quyidagi oddiy tavsiyalarga rioya qilib, oʼzingizni tinnitusdan himoya qilishingiz mumkin:
- Quloqchinlarda musiqa tinglasangiz, ovozning juda baland emasligiga eʼtibor bering. Metroda musiqa eshitmaslikka harakat qiling. Chunki poezd tovushi va quloqchindan chiqayotgan ovoz eshitish analizatorining ortiqcha zoʼriqishiga olib keladi.
- Ish faoliyatingiz baland shovqinlar bilan bogʼliq boʼlsa, quloq tiqinlaridan foydalanishni unutmang.
- Kofein va spirtli ichimliklardan saqlaning. Ular quloqda shovqin kuchayishiga olib keladi.
- Stressli vaziyatlardan qoching. Kuniga meʼyor darajasida — yetti-sakkiz soat uxlayotganingizga ishonch hosil qiling.