Qurbon Hayiti munosabati bilan bir qator chegirmalar eʼlon qilindi

    Qurbon Hayiti bayrami munosabati bilan 2022-yil 9-10-11-12-iyul kunlari aholining dam olish kunlarini maroqli tashkil etish hamda ichki turizmga jalb etish maqsadida tegishli xizmat koʻrsatish sohalarida chegirmalar eʼlon qilindi.

    Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan respublika boʻylab belgilangan chegirmalar toʻgʻrisida maʼlumotlar jamlandi.

    1. “Uzbekistan Airways” AJ Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 2022-yil 9-iyuldan 12-iyulgacha amalga oshiriladigan barcha mahalliy aviaqatnovlarning barcha turdagi tariflarga 50 foiz chegirma eʼlon qiladi.

    2. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ respublikaning barcha ichki qatnovlari uchun (2022-yil 9-iyuldan 12-iyulgacha) 10 nafardan 24 nafargacha boʻlgan guruhlarga 10 foiz, 25 va undan ortiq guruhlar uchun 15 foiz chegirma taqdim etdi.

    3. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufidagi pullik kirish chiptalari joriy qilingan madaniy meros obyektlari (ziyoratgoh va qadamjolar)da joriy yil 9-10-11-12-iyul sanalarida yurtimiz fuqarolari uchun kirish chiptalar narxiga kattalar uchun 20 foiz hamda yoshlar uchun 50 foiz chegirmalar joriy qilindi.

    Shu bilan birga, respublika boʻylab joylashgan muzeylar, mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari tomonidan ixtiyoriy chegirmalar taqdim etilmoqda.