Poytaxtimizda faoliyat koʻrsatayotgan qurilish firmasining 20 nafar ishchisida ovqatdan zaharlanish holati aniqlandi. Bu haqda Sanepidxizmat matbuot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, qurilish firmasining ishchilari Tez tibbiy yordam mashinasida Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya mikrobiologiya va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qabul boʻlimiga ovqat toksikoinfeksiyasi shubhasi bilan olib kelingan.
Hozirda bemorlarga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatilib, ularning ahvoli qoniqarli.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati yurtdoshlarimizga sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlarni isteʼmol qilmaslik, isteʼmol uchun moʻljallangan taomlarni tayyorlash va saqlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishini soʻradi.