Taʼkidlash joizki mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirish uchun tabiiy sharoitga ega joylar koʻp. Bu imkoniyatdan samarali foydalanib, energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish iqtisodiyotimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Qayd etish kerakki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda elektr energiyasi tarmogʻini rivojlantirish, barqaror va uzluksiz elektr energiyasini ishlab chiqarish, xususan, gidroenergetika sohasida yangi GESlarni ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyatda Investitsiya dasturi doirasidagi istiqbolli loyihalarini amalga oshirish borasida ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, rejalashtirilgan faoliyat yillar kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2021-yilda 16 ta loyiha, 2022-yilda 15 ta, 2023-yilda 18 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
2020-yilda “Oʻzbekgidroenergo” 6 ta yangi qurilish va modernizatsiya loyihalari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, mazkur loyihalarning umumiy quvvati 118,3 MVtni tashkil etadi. Bu esa, qoʻshimcha 543 millon kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarilishga zamin yaratadi.
Jamiyatning joriy yilda tasdiqlagan 23 ta investitsiyaviy loyihalarni oʻz ichiga olgan, ishlab chiqarish quvvati 325,5 MVt boʻlgan, umumiy qiymati 3 616,1 milliard soʻmlik “Loyiha ofislari” dasturi doirasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 2-maydagi qarori bilan 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi belgilandi. Oʻsha yili 18-maydagi farmonga muvofiq, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Sohada yagona texnik siyosatni amalga oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini oʻzlashtirish, mavjud gidroelektr stansiyalarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta jihozlash va yangi quvvatlarni tashkil etishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi.
– 1982-yilda boshlangan, yiliga 500 million metr kub suv yigʻilishi moʻljallangan suv ombori toʻgʻoni balandligi 187 metr, – deydi “Toʻpolang” suv ombori boshligʻi Rustam Botirov. – Suv omborida oʻtgan yili 420 million kub metr obi hayot yigʻilgan boʻlsa, bu yil 435 million metr kub boʻlishi kutilmoqda.
Toʻpalang gidroelektr stansiyasi ham modernizatsiya qilindi. Bu yerda har biri 15 megavatt boʻlgan ikkita agregat ishlab turgan edi. Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, avvaliga Toʻpalang suv ombori toʻgʻoni 20 metrga koʻtarildi. Natijada uning sigʻimi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Ayni paytda jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat oʻrnatish boʻyicha ish olib borilmoqda.