Prezidentimizning 2020-yil 5-fevraldagi “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori natijasida qurilish sohasini davlat tomonidan nazorat etish tartibini takomillashtirish, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qurilish tarmogʻi kadrlarini professional tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari koʻrib kelinmoqda. Xususan davlat qurilish nazorati faoliyatida yuz berayotgan toʻsiqlar va gʻovlarni olib tashlash, duch kelayotgan muammolarni kamaytirish va respublikamizda amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarini sifatini yana-da oshirishga erishilgan.

Joriy yil 1-avgustidan Toshkent shahri va toshkent viloyatida, keyingi yil boshidan boshqa hududlarda qurilishda aniqlangan barcha kamchiliklar fotosuratlari bilan tizimga onlayn kiritilib, nazorat jarayonlari avtomatlashtirila boshlandi. Qolaversa, quruvchi tashkilot yoki fuqarolarga jarayon tartiblari va shartlari haqida toʻliq maʼlumotlarni istalgan vaqtda olish imkoniyatini beruvchi onlayn tizim ishga tushirilmoqda. Bunda barcha shaharsozlik qoida va normalarining interaktiv koʻrinishga keltirish, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha barcha jarayonlarni raqamlashtirish hamda ekspertiza xulosalarini yagona bazada saqlashni yoʻlga qoʻyish asosiy maqsad qilib qoʻyilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahri Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtgan 1341 ta hamda Toshkent viloyati Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtgan 1697 ta qurilish obyekti mazkur tizimga kiritilib, inspektorlar tomonidan nazorat ishlari bir vaqtda anʼanaviy tarzda va tizim orqali test tariqasida amalga oshirilmoqda. Inspeksiya tomonidan poytaxtdan 25 nafar hamda Toshkent viloyatidan 20 nafar inspektor planshet aloqa vositasi hamda xizmat avtomashinalari bilan taʼminlangan. Ayni nazorat ishlarini bir vaqtda ham anʼanaviy tarzda va tizim orqali amalga oshirmoqdalar. 

— Inspektorlarga loyihachi, buyurtmachi va pudratchilarni onlayn tarzda nazorat qilish tizimi yaratilmoqda, — deydi Qurilish vazirligi huzuridagi qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi AKTni joriy qilish boʻlimi mutaxassisi Hikmatillo Mahmudov. — Bu qurilish sohasida shaffoflikni taʼminlash, jarayondagi ishlarni tez va sifatli amalga oshirishga zamin yaratadi. Bugungi tashkil etilgan seminarda barcha viloyatlardan qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat va buyurtmachilar bilan ishlash boʻlimlaridan bittadan hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha mutaxassislar jami 48 xodim ishtirok etmoqda. Ular bir hafta mobaynida Toshkent shahar inspektorlari bilan birga obyektlarga borib, maʼlumotlar bazasini shakllantirish, tizim bilan ishlash, ishlarni toʻgʻri tashkillashtirish borasida koʻnikmalarni oʻrganib, jarayonni bevosita amaliyotda oʻrganishadi. Oʻquv-seminari bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan mutaxassislar oʻz hududlarida “Qurilishda nazorat tizimi”ni yoʻlga qoʻyadilar. Bunda ular zarur texnik anjomlar bilan taʼminlanadi.

Seminarning birinchi kunida ishtirokchilarga nazariy bilimlar berildi. Endi olti kun davomida shahardagi keng bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, qurilishda obyektning noldan boshlab to bitgunicha boʻlgan jarayonda uchraydigan kamchiliklarni qanday aniqlash, ularni tizimga joylash hamda kamchiliklarni tuzatish borasida reglament belgilash kabilarni oʻrganadilar. Koʻnikmaga ega boʻlgan mutaxassislar tizimdan foydalanish amaliyotini oktyabr oyi yakuniga qadar hududiy nazorat inspeksiyalariga tatbiq etishlari kerak.

Sohiba MULLAYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri