Keyingi yillarda mamlakatimizda keng koʻlamli bunyodkorlik va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Respublika statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil 1-may holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 42 ming 782 ta qurilish korxonasi faoliyat yuritmoqda. Bu oʻtgan yilga nisbatan 11 foiz koʻp. Jumladan, Xorazm viloyatida 2 ming 10 ta esa qurilish korxonasi mavjud.

Qurilish tashkilotlari koʻpayib, bunyodkorlik ishlari jadallashgani yaxshi. Biroq son ortgani sari sifat kamaymayaptimi? Chunki qurilish ishlari, jarayon ishtirokchilarining masʼuliyati va javobgarligi qatʼiy nazoratda boʻlishi lozim.

Qurilish sohasidagi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Xorazm viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasining maxsus ishchi guruhi viloyatda monitoring olib bormoqda.

Tahlillar ayrim hududlarda qurilish ishlarini amalga oshirish, nazoratini tashkil etish va shaffoflikni taʼminlashda tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini koʻrsatdi. Xususan, Qoʻshkoʻpir tumani al-Beruniy koʻchasi “Chamanzor” MFY hududida joylashgan, “Dovud-humo” MCHJga qarashli koʻp qavatli, aholi yashashiga moʻljallangan turarjoy qurilish obyektida qurilish-montaj ishlarida kamchiliklar aniqlandi.

Koʻp qavatli aholi turarjoyi qurilishiga tutash hudud aholi vakillari bilan jamoatchilik muhokamasi oʻtkazish tamoyillariga rioya qilinmagan. Internet tarmogʻida onlayn muhokamalar oʻtkazib, jamoatchilik fikri oʻrganilmagan.

Mazkur hududda qurilish obyekti toʻgʻrisida QR kodli va bannerli maʼlumotlar toʻliq emasligi, oʻrnatilgan bannerda esa hudud bosh rejasi ham aks etmagan.

Qurilish ishlarini amalga oshirishda qatʼiy amal qilinishi lozim boʻlgan xavfsizlik qoidalari ham qoʻpol ravishda buzilgan. Xususan, qurilish maydonchasi profnastil va shtaketnik bilan toʻliq oʻralmagan, yaʼni qurilish-montaj ishlari maydonchasiga begonalarning kirishiga cheklov oʻrnatilmagan.

Kuzatuvlar yuqori kuchlanishli kabellar xavfli, ochiq holatda tashlab qoʻyilganini koʻrsatdi. Shuningdek, obyektga oid energetik texnik shartlardan biri boʻlgan alohida elektr transformatori oʻrnatilmasdan, elektr aholi isteʼmoli uchun moʻljallangan tarmoqning ichki ustunlaridan tortilgan.

Suv oqova umumiy tarmogʻiga ulanish loyihalari va maishiy-kommunal chiqindilarni vaqtincha joylash texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari qoʻshimcha oʻrganishga muhtoj.

Al-Beruniy Qushkoʻpir tumanining markaziy koʻchalaridan biridir. Uning chekkasida qurilish ishlari tugallanmagan va davom etayotgan, tijorat faoliyati yuritish uchun ajratilgan noturar toifadagi binolar ham oʻrganildi.

Ayni konturda oʻrganilgan 7 ta 2-3 qavatli noturar turdagi binolarning barchasida mazkur obyektlar yuzasidan onlayn internet rejimida maʼlumot olish imkoni yoʻqligi maʼlum boʻldi.

Shaharsozlik tartibiga koʻra, qatorasiga qad koʻtargan 7 ta bino oʻrtasidagi yongʻin xavfsizligi oraliq masofalari talabga umuman javob bermaydi.

Toʻrtta qurilish obyekti tom qismining meʼmoriy-konstruktiv yechimida qonunchiligimizga zid ravishda quritilgan qamish va yogʻoch toʻsinlardan uygʻun holatda foydalanilgan. Bu ehtimoliy yongʻin xavfi yuqori darajada ekanini koʻrsatadi. Eng achinarlisi, binolar oʻrtasida oraliq masofa yoʻqligi sabab yongʻin va favqulodda holatning oldini olish chora-tadbirlari taʼminlanmagan.

Shuningdek, aynan shu kontur boshida qurilish-montaj ishlari tugallanmagan. Qurilishi davom etayotgan binoda bir qator tadbirkorlik subyektlari savdo va xizmat koʻrsatish qoidalariga oʻzlari rioya qilmagani yetmagandek, isteʼmolchilarning ham hayotini xatarga qoʻyib, tadbirkorlik faoliyatini allaqachon boshlab yuborgani maʼlum boʻldi.

Bundan tashqari, “Yangi yop–Fayz” MCHJ va fuqaro Shonazar Matchanovga tegishli tutash hududdagi savdo va xizmat koʻrsatish binosi hamda tibbiy diagnostika markazi oʻrtasida oldingi mulkiy xuquqiy munosabatlar masalasi hal etilmay turib qurilish osti yer maydonlari ajratilgani maʼlum boʻldi. Natijada ikki qoʻshni oʻrtasida nizoli xolat yuzaga kelib qolgan, deya xabar bermoqda Xorazm viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi matbuot xizmati.