Qayd etilishicha, tahlillar qurilish ishlarini amalga oshirish, nazoratini tashkil etish va shaffoflikni taʼminlashda tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini koʻrsatgan.

Xususan:

birinchidan, shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari mukammal emas, natijada sifatsiz va noqonuniy qurilishlarga yoʻl qoʻyilmoqda;

ikkinchidan, qurilish obyektida loyiha tashkilotlari tomonidan mualliflik nazoratini olib borish mexanizmi joriy etilmagani qurilish sifati hamda bino va inshootlar energiya tejamkorligi va samaradorligini oshirishda muammolar keltirib chiqarmoqda;

uchinchidan, loyihalashtirish uchun loyihaoldi hujjatlari, jumladan, texnik shartlar, loyihalash uchun texnik topshiriq toʻgʻri ishlab chiqilmasligi, mualliflik nazorati toʻliq olib borilmasligi loyiha hujjatlarining sifati keskin pasayishiga olib kelmoqda;

toʻrtinchidan, buyurtmachi xizmati uchun haq toʻlash mexanizmi takomillashmagan, ish yuklamalari, moddiy javobgarlik, qurilish-pudrat tashkilotlari xodimlariga qoʻyiladigan talablar mavjud emas;

beshinchidan, qurilish ishlari ustidan nazorat oʻlchovini amalga oshirish hamda obyektlarda nazorat tizimli taʼminlanmagani, shuningdek qurilishni tashkil etish va ishlab chiqarish loyihalarini qurilish jarayoniga joriy qilishning huquqiy mexanizmi mavjud emasligi masʼullar javobgarligini aniq belgilashga toʻsiq boʻlmoqda;

oltinchidan, mahalliy hokimiyat va davlat boshqaruv organlari rahbarlarining qurilish jarayoniga asossiz aralashuvi natijasida obyektlarni muddatidan oldin foydalanishga qabul qilish yoki qabul qilishning muhim sanalarini belgilash qurilish jarayoni texnologiyalarining buzilishiga hamda bino va inshootlarning xavfsizlik darajasi kamayishiga, asossiz xarajatlarga olib kelmoqda;

yettinchidan, nazorat qiluvchi organlar tomonidan nazorat inspeksiyasi xodimlarining tizimli tekshirish jarayonlariga mutaxassis sifatida jalb qilinishi soha mutaxassislarining oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmasligiga, davlat nazorati toʻlaqonli taʼminlanmasligiga sabab boʻlmoqda;

sakkizinchidan, ayrim qurilish obyektlari oʻrnatilgan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan boʻlsa-da, obyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish (mulk huquqi berilishi) holatlariga yoʻl qoʻyilishi obyektlardan foydalanuvchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.