Qurilish loyihalari muhokama qilindi

    Hukumat 7 Fevral 2022 6653

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

    Ma’lumki, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Uning qurilishi o‘tgan yili Ramazon oyida boshlangan edi. Bugungi kunda binolar qad rostlab, pardozlash ishlariga oz fursat qoldi. Taqdimotda majmuaning ichki va tashqi ko‘rinishiga oid chizmalar ko‘rib chiqildi.

    Unga ko‘ra, majmua devorlari milliy naqshlar, pardozbop toshlar bilan sayqallanadi. Imom Buxoriy bobomiz maqbarasida naqqoshlik va xattotlik san’ati uyg‘unlashadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qur’oni karim suralari va hadislar yoziladi. Barcha pardozlash ishlarida yorqin, “issiq” ranglardan ko‘proq foydalaniladi.

    Xorazm viloyatida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning izchil davomi sifatida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Loyiga ko‘ra, u yerda universitet, maktab va bog‘cha, IT park, fan va madaniyat markazlari, sport majmuasi barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy maydoni bo‘ladi, buyuk allomaning yangi haykali o‘rnatiladi.

    Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasi ham qurilmoqda. Bugungi kunda jasur sarkardaning muhtasham haykali o‘rnatilgan. Atrofdagi qariyb 8 gektar maydon obodonlashtirilmoqda.

    Shunga yaqin joyda ming o‘rinli san’at saroyi bunyod etish ham mo‘ljallangan. U yerda Xorazm lazgisi an’analarini saqlash, o‘rganish va keng yoyish zamonaviy sharoit yaratiladi. Turli tadbirlar, konsertlar o‘tkaziladi.

    2020-yil 22-oktabrda “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.

    Qarorda mazkur Akademiya uchun yangi binolar qurish va o‘quv-moddiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Taqdimotda shu boradagi loyihalar haqida ham axborot berildi. Unga ko‘ra, o‘quv va davolash binolari, yotoqxona, xizmat uyi qurilib, mavjud ob’ektlar ta’mirlanadi, hudud obodonlashtiriladi.

    Prezidentimiz loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

    Davlatimiz tomonidan sport rivojiga katta e’tibor qaratilib, zarur infratuzilma yaratilmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. 160 gektarni egallaydigan mazkur shaharchada universal stadion, ochiq va yopiq sport majmualari, yotoqxona, mehmonxona, Chirchiq daryosida eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Bu infratuzilma yirik musobaqalar o‘tkazish va bo‘lajak Olimpiya zaxiralari instituti uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘ladi.

    Mamlakatimizda sayyohlar uchun keng sharoit yaratilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilmoqda. Prezidentimizga shu boradagi ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

    Unga ko‘ra, Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosi bo‘yida ekoturizm ob’ektlari barpo etiladi. Buning avvalo qulay transport tizimi yo‘lga qo‘yiladi. “Chorvoq darvozasi” va “Yusufxona” hududlarida dam olish joylari, Janubiy Xo‘jakentda an’anaviy tog‘ qishlog‘i barpo etiladi. Hududning xushmanzara tabiati va relefini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratiladi. Bog‘lar, piknik joylari, velosiped yo‘laklari tashkil qilinadi. Shunday loyiha Chimyon hududida ham rejalashtirilgan.

    Davlatimiz rahbari bu majmualar ommabop bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, barcha yurtdoshlarimiz, turli kasb egalariga mos arzon va qulay xizmatlar taklif etish vazifasini qo‘ydi.

    Toshkent shahrini yondosh hududga kengaytirish, yangi quriladigan mavzelarni infratuzilma va transport xizmatlari bilan ta’minlash bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ham ko‘rib chiqildi.