Qurilish materiallari sanoati rivojlantiriladi

    Oʻzbekistonda qurilish sanoati korxonalarining eksport salohiyatini oshirish va eksport hajmini 1,5 mlrd AQSH dollariga yetkazish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

    Bu haqda Prezidentning “Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–365-son, 01.12.2025-y.)da maʼlum qilindi.

    Qarorga koʻra, quyidagilar qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish doirasidagi asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:

    • ishlab chiqarish hajmini 62 trln soʻmga yetkazish;
    • qurilish sanoati korxonalarining eksport salohiyatini oshirish va eksport hajmini 1,5 mlrd AQSH dollariga yetkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish;
    • ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda qurilishda ulardan foydalanishni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish.

    Qarorga koʻra, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari Oʻzbekiston hududida roʻyxatdan oʻtgan ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillarining Afgʻoniston hududiga “Termiz” avtoyoʻl oʻtkazish punkti orqali Davlat chegarasidan xavfsiz oʻtib qaytishlarini taʼminlaydi.

    2026-yil 1-iyuldan shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkazishda ularning qurilishda foydalaniladigan qurilish materiallari hajmining kamida 25 foizini ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari tashkil etishiga oid talabni tekshirish amaliyoti joriy qilinadi.

    Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan:

    • qurilish materiallari sohasida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar uchun belgilangan tartibda xorijiy ilmiy stajirovka tanlovi eʼlon qilinadi;
    • 2026–2028-yillar uchun umumiy moliyalashtirish hajmi 30 mlrd soʻmlik ilmiy loyihalar tanlovlari eʼlon qilinadi.

    2026-yil 1-martdan:

    • “Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlarining oʻzaro integratsiyasi doirasida xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilarining elektron reyestri yuritiladi;
    • elektron reyestr maʼlumotlari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qurilish obyektlarida oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari natijalarida olinadigan maʼlumotlarni integratsiya qilish orqali shakllantiriladi;
    • “Texnik tartibga solish” va “Shaffof qurilish” axborot tizimlaridagi qurilish materiallarining elektron reyestrida ishlab chiqargan qurilish materiallarining xavfsizligi nomuvofiq deb topilgan korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi.