Respublikamizning barcha hududlarida ulkan hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Buning natijasida yurtimizda bir-biridan shinam turar joylar va osmonoʻpar binolar qad koʻtarmoqda. Albatta, bu binolarga ishlatilayotgan qurilish mahsulotlari ham standart talablariga javob berishi lozim. Aks holda, qurilishlar inson hayoti uchun jiddiy xavf tugʻdirishi turgan gap.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Axborot Agentligi oʻrtasida imzolangan Memorandum asosida, joylarda qurilib foydalanishga topshirilgan va qurilishi davom etayotgan bino va inshootlarda jamoatchilik nazorati tartibida kuzatuv-oʻrganishlar olib borilmoqda.

Afsuski, oʻrganishlar natijasini ijobiy deb boʻlmaydi. Tahlilllarga koʻra, Nurota tumanidagi 6-DMTT 2020-yil fevral oyida “Azizbek nurli kelajak sari” MCHJ (Shahlo Merganova) tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. Achinarlisi, maktabgacha taʼlim tashkilotining devor bilan oʻralmagan hududi 3 tomoni toʻgʻridan-toʻgʻri aholi yashash xonadonlarining devori bilan chegaralangan. Hovlilarning katta-kichikligi, baland-pastligi, taʼmirlangan yo taʼmirlanmaganligini koʻrib ham taʼlim tashkiloti hovlisining koʻrinishini tasavvur qilishingiz mushkul emas.

Bino atrofidagi sement yoʻlak chetlari yemirilib, ishning ham, sement mahsulotining ham sifatsizligidan dalolat berib turibdi. Yogʻingarchilik vaqtlarida aholi honadonlarining tomidan oqadigan yomgʻir va qor suvlari toʻgʻridan-toʻgʻri DMTT hovlisiga tushadigan qilib qoʻyilgan. Bino va qoʻshni hovlilar tomidan tushadigan suvlar DMTT hovlisiga — bolalar maydonchalariga, ekin maydonlariga kelib toʻplanadi va oʻz navbatida, binoga ham jiddiy zarar yetkazadi.

Ushbu binoning novlari ham yogʻingarchilik suvlarining toʻgʻridan-toʻgʻri bino atrofidagi yoʻlaklar orqali bolalar oʻyin maydonchalariga, ekinzorlarga kelib tushadigan qilib qurilgan.

Binoga kirish foyesining tashqi qismiga oʻrnatilgan nov ham bino “husniga husn qoʻshib turibdi”, deya xabar qiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati.