— Prezidentimiz 20-iyul kuni arxitektura va qurilish sohasidagi islohotlar natijalariga oid taqdimot bilan tanishib, muammolarning yechimi borasida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlarni alohida keltirib oʻtdi. Ulardan quyidagicha xulosa chiqarish mumkin:

Avvalo, qurilish normativlarini yangilash zarur. Ayniqsa, ijtimoiy obyektlar — maktabgacha taʼlim, maktab, sogʻliqni saqlash obyektlarining sifatini oshirish va zamonaviy koʻrinishga keltirish bugunning dolzarb vazifasiga aylandi.Shu bilan birgalikda, oʻn olti qavatli va undan yuqori boʻlgan binolarni qurishda hozirda resurslarning cheklanganligini hisobga olib, ularda gazdan foydalanishga ruxsat berish kabi jihatlarni qurilish normalariga kiritish, chet davlatlarning ilgʻor tajribasi asosida qurishga eʼtibor berish alohida taʼkidlandi.

Taqdimotlar davomida qurilish sohasini raqamlashtirishdagi kamchiliklar ham koʻzga tashlandi. Bu jarayonda, birinchi galda, qurilish obyektlarining sifatini nazorat qilishga eʼtibor qaratishimiz zarur. Bu borada bir jarayon boʻyicha poytaxtda eksperiment oʻtkazyapmiz. Yaʼni,har bir inspektorning qoʻliga planshet berildi. Sifatni nazorat qiluvchi inspektor qurilish obyektiga boradi va jarayonni shu qurilma orqali foto yoki videotasvirga olib, bazaga joʻnatadi. Baza orqali uni boshqa mutaxassislar ham koʻrib, fikr bildirishlari, shu obyektning sifatini yaxshilash borasida maslahat berishlari mumkin boʻladi. Agar bu tizim oʻz samarasini bersa, butun respublika boʻyicha ommalashtiriladi.

Maʼlumki, tender — juda koʻp muhokamalarga sabab boʻlgan tizimlardan biri. Bu jarayonda vaqtni ikki barobar tejashga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Topshiriladigan hujjatlar soni 14 tadan 6 taga kamaytirildi. Barcha bosqichlarda inson omili maksimal darajada qisqartirilib, jarayon raqamlashtirildi. Bunda reyting tizimi ishlab chiqilganini alohida taʼkidlash zarur. Yaʼni, har bir korxonaning oy davomida bajargan ishlari hajmi, aylanma mablagʻlari, moddiy texnik bazasi kabi muhim maʼlumotlar avtomatik tarzda reyting tizimiga kelib tushadi. Shu maʼlumotlar asosida reyting shakllantiriladi. Pudratchilarning reytingdagi olgan baholari tenderda yutish yoki yutmasligini belgilaydi. Bir soʻz bilan aytganda, tender jarayonlarida inson omiliga barham berilishi tizimda shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.