Biznes-ombudsman devoni xodimlari O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo'limlarida tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bo'yicha o'rganish o'tkazdi.

Bu haqda Biznes-ombudsman Matbuot xizmatidan xabar berilishicha, o'rganishlarda Qurilish vazirligi va uning hududiy bosh boshqarmalari xodimlari tomonidan 1326 holatda tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog'liq qonun hujjatlari talablarining buzilishiga yo'l qo'yilgani aniqlandi.

Jumladan:

— Turli davlat xizmatlarini ko'rsatishda 90 nafar xodim tomonidan 1091 holatda belgilangan muddatlarni kechiktirish, ortiqcha hujjatlar talab qilish, murojaatni asossiz rad etish kabi qonunbuzilish holatlariga yo'l qo'yilgan.

— Tadbirkorlarning ruxsat berish bilan bog'liq murojaatlarini ko'rib chiqishda Farg'ona viloyatida 8 ta, Toshkent shahrida 3 ta holatda litsenziyalash hamda ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risidagi qonunchilik talablari buzilgan.

— Amaldagi tartibga asosan, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish masalasini ko'rib chiqish muddati 7 ish kuni qilib belgilangan bo'lsada, vazirlik markaziy apparati xodimlari tomonidan 7  holatda mazkur muddatning buzilishiga yo'l qo'yilgan.

— Tadbirkorlik sub'ektlarining murojaatlarini ko'rib chiqilishi o'rganilganda 197 holatda qonunchilikka zid ravishda murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlari o'tkazib yuborilgan.

— Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida 20 holatda o'tkazilgan o'rganishlar Biznes-ombudsmanni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlariga yo'l qo'yilgani uchun vazirlik va uning hududiy bosh boshqarmalarining 143 xodimiga nisbatan ma'muriy javobgarlik to'g'risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko'rib chiqish uchun sudlarga yuborildi.