Yurtimiz kundan kun chiroy ochmoqda. Hashamatli binolaru zamonaviy uylar bunga yaqqol misol. Biroq tanganing ikkinchi tomoni boʻlgani kabi baʼzi pudratchilar qurayotgan uy va boshqa inshootlar “mendan ketguncha, egasiga yetguncha…” qabilida barpo etilayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi.
Jumladan, Yakkabogʻ tumanida “Yuqori sifat innovatsion qurilish” MCHJ qurayotgan 5 qavatli, 80 xonadonga moʻljallangan uy-joy binosi qurilishi 2019-yilda boshlangan. Bugungi kunga qadar qurilish ishlari davom etmoqda. Qurilishda 17 nafar ishchi-xodim ishlayapti. Qurilishni tugatish jadvali tuzilmagan. Ishchilarga dam olishi va ovqatlanishi uchun shart-sharoit yaratilmagan, sanitariya qoidalariga amal qilinmayapti. Ovqatlanishga moʻljallangan idishlar yuvilmagan. Qurilishda ishlatilgan gʻishtlar sifatsiz. Gʻisht terish ishlari shaharsozlik normalariga javob bermaydi. Bino qurilishi nazoratsiz qolgan. Bajarilgan beton ishlari, gʻisht va qorishmalar uchun laboratoriya xulosalari olinmagan.
Shuningdek, mazkur tumanning Alaqargʻa qishlogʻidagi 71-qishloq oilaviy poliklinikasini rekonstruksiya qilish, yaʼni mavjud binoni kapital taʼmirlash va qoʻshimcha bino qurish ishlari ham 2019-yilda boshlangan va 2021-yil fevral oyida tugatilib foydalanishga topshirilgan. Biroq, binoning rekonstruksiya ishlari talab darajasida bajarilmagan. Poliklinika foydalanishga topshirilganidan 3 oy oʻtar-oʻtmas yana taʼmirtalab holga kelib qolgan. Tez yordam mashinasi uchun moʻljallangan avtoturargoh taʼmiri nihoyasiga yetkazilmagan. Poliklinika ichiga toʻshalgan pol loyiha talabiga javob bermaydi. Binoning ichki va tashqi fasadi ham talab darajasida emas. Boʻyoqlar koʻchib tushgan. Ichimlik suv yoʻq, oʻrnatilgan joʻmraklar ham nosoz. Kafel terish ishlari oxiriga yetkazilmagan, deya xabar qiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati.