Mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi qonunlardagi mavjud tushunchalarni, qurol turlari va ularning huquqiy mavqeini “Qurol toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda. Qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish vazifalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga huquqiy jihatdan oʻtkazilmoqda. Shuningdek, qurol muomalasi bilan qonunga xilof ravishda muomalada boʻlish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzish uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlik choralari koʻrilishi belgilangan.

Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasini tayyorlash davomida xorijiy tajribalar oʻrganilgan. Xorijiy davlatlarda qurol muomalasi sohasidagi munosabatlar, yaʼni litsenziyalash va ruxsatnoma berish hamda ularning talablariga rioya etilishini nazorat qilish vakolati yagona davlat organiga topshirilgan. Bundan tashqari, qoʻshni davlatlarda quroldan foydalanish yoshi 18-20 yosh etib belgilangan. Ushbu qonun bilan esa yurtimizda ov qurolini olish 25 yosh etib belgilanmoqda.

Amaldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, 18 yoshga toʻlgan fuqarolar fuqaroviy sport qurolini va oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini, 21 yoshga toʻlgan fuqarolar fuqaroviy ov qurolini olish huquqiga ega.

Deputatlar quroldan foydalanish yoshi nega aynan 25 yosh etib belgilanayotgani bilan qiziqdi. Prokuratura vakillarining qayd etishicha, yurtimizda 18 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan fuqarolar 49 ta ov qurollariga ega, 25 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida esa 500 nafar fuqaroda ovchilik qurollari bor. Aksariyat hollarda “menda qurol bor” degan oʻzini koʻrsatish maqsadida sotib olingan hollar ham bor. Ov qurolini sotib olish yoshi 25 yosh qilib belgilanishi yoshlar oʻrtasida sovuq qurollardan foydalanib, turli jinoyatlarni sodir etish holatlari kamayishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarida javobgarlik faqatgina oʻqotar qurolning muomalasi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan boʻlib, “Qurol toʻgʻrisida”gi qonun bilan joriy etilgan boshqa, oʻqotar boʻlmagan qurol turlari (pnevmatik, tigʻli sovuq, uloqtirish, signal beruvchi, oʻzini oʻzi himoya qilish) bilan sodir etilgan gʻayriqonuniy qilmishlar uchun javobgarlik umuman belgilanmagan.

Loyiha bilan 6 ta qonundagi qurol muomalasiga oid ishlatilayotgan tushunchalar va faoliyati qurol bilan bogʻliq mansabdor shaxslarning huquqiy mavqei toʻgʻrisidagi normalarga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali “Qurol toʻgʻrisida”gi qonun va qurol muomalasi sohasidagi tegishli qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi konsepsiyasi qizgʻin muhokama qilinib, birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Manba