Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli diniy adovatni qoʻzgʻatish va dindorlar orasida murosasizlikni keltirib chiqarishni targʻib qiluvchi maʼlumotlar tarqalmoqda.
Xususan, joriy yilning 29-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini “ateist”, deb tanishtirib, u tomonidan dinimizning ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi - Qurʼoni karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab boʻldi.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida, mazkur shaxs Mingbuloq tumanidan boʻlgan Sherzod Turdiyev emasligi aniqlandi.
Oʻtkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida, ushbu videotasvirni suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan shaxs aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlariga jalb qilindi.
Tekshiruv natijasiga koʻra, mazkur shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi boʻyicha tergov natijasiga koʻra, qoʻshimcha maʼlumot berib boriladi.
Shu oʻrinda, fuqarolarimizdan yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik kabi azaliy anʼanalarimizga kundalik hayotimizda amal qilishlarini hamda muqaddas dinimizni oyoq-osti qilib, aholi orasida ixtiloflar keltirib chiqarishga boʻlgan urinishlar uchun qonunda javobgarlik belgilanganligini eslatib oʻtamiz.
IIV Axborot xizmati