Qut-baraka manbai

    Aholi nisbatan tigʻiz yashaydigan Gʻijduvon tumanida har bir ish oʻrni qadrli.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yilning 12-yanvarida qabul qilingan “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmon mazkur hududlarda sanoatni rivojlantirish, mahalliy xom ashyodan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Istiqbolli loyihalar sharofati bilan dolzarb sanalgan bandlik masalasiga oqilona yechim topilayapti. Buni “Gʻijduvon” maxsus erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham koʻrish mumkin.

    “Bolalarimning ertasidan koʻnglim toʻq”

    Tumandagi “Firishkent” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Manzura Boʻronova yaqin–yaqingacha ishsiz edi. Ayollarbop ish ilinjida yurgan, turmush oʻrtogʻi bilan ikki farzandni tarbiyalayotgan ayol tasodifan “Gʻijduvon” maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etilganidan xabar topdi. Xususan, shu zonada ish boshlagan ip–yigiruv korxonasi haqida eshitdi-yu koʻnglining bir chekkasida umid paydo boʻldi.

    — Roʻzgʻorni but qilish uchun turmush oʻrtogʻimga koʻmaklashay, der edimu ammo oʻzimga mos ishni topolmay yurgandim, — deydi u. — Fabrika haqida eshitgach, shu yerga ish soʻrab keldim. Qabul qilishdi. Tajribali ishchilarga biriktirishdi. Qisqa muddat ichida dastgohlarni boshqarish sir–asrorini oʻrgandim. Yaxshigina maosh olayapman. Shunday zamonaviy korxonada ishlab, jamiyatimizga, roʻzgʻorimga foydam tegayotganidan xursandman. Endi bolalarimning ertasidan ham koʻnglim toʻq. Barcha orzu–havaslarimizga yetamiz, albatta.

    Manzuraning aytganicha bor. “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mazkur korxona eng soʻnggi rusumdagi texnologik asbob–uskunalar bilan jihozlangan. Ularning ish unumi yuqori. Elektr energiyasini nisbatan kam sarflaydi. Masalan, Shveysariya va Germaniyaning yetakchi kompaniyalaridan xarid qilingan dastgohlar korxonaga bir yilda elektr energiyasiga sarflanadigan mablagʻning 1,5 milliard soʻmini tejash imkoniyatini yaratmoqda. Mavjud transformatorlar esa turdosh korxonalarnikidan farqli tarzda elektr energiyasini meʼyorlashtirib beradi.

    — 2021-yilning mayida matolarni boʻyash hamda gul bosishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy texnologik liniyani ishga tushirgan edik, — deydi korxona rahbari Nodir Umarov. — Natijada 450 kishi ish bilan taʼminlangandi. Keyin esa tayyor tikuv–trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga moʻljallangan sex faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda korxonamizda 650 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati oʻziga mos ish topa olmay, uyda oʻtirib qolgan xotin–qizlardir.

    Eʼtiborlisi, ana shunday opa–singillarimiz mehnati evaziga korxona 2021-yilda 250 milliard soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqardi. Salkam 13 million AQSH dollari miqdoridagi tayyor mahsulot eksport qilindi.

    Ishchilarni qoʻl–qanotim deb biladi

    Erkin iqtisodiy zonadagi “Buxoro Fayz tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Mustaqim Toʻxtayevga tinib–tinchimas tadbirkor, deya taʼrif berishadi. Bu bejiz emas. Uning saʼy–harakati bilan ish boshlagan korxonada 200 kishi mehnat qilayapti. Mustaqim aka ularni qanotim, deb biladi. Biroq tadbirkor bu bilan kifoyalanib qolmoqchi emas. U pardozlash sexini barpo etmoqda. Belgiyadan zamonaviy dastgohlar xarid qilayapti. Bundan tashqari, bir gektar maydonda zamonaviy tikuvchilik sexi barpo etishga kirishdi. Pirovardida ish zanjirsimon usulda tashkil etiladi. Xom ashyo shu yerning oʻzida qayta ishlanib, tayyor mahsulotga aylantiriladi. Birgina tikuv sexi sharofati bilan 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    — Mahsulotning 100 foizi xorijga eksport qilinmoqda, — deydi tadbirkor. — Lekin biz oʻz oldimizga “Xom ashyodan — tayyor mahsulotgacha” degan tamoyilni toʻliq joriy etish maqsadini qoʻyganmiz. Loyihamizning umumiy qiymati 40 million AQSH dollarini tashkil etadi. Niyatim — xolis. Biz yaqin kelajakda Oʻzbekistondagi toʻqimachilik sanoati korxonalarining eng kuchli oʻntaligi qatoridan oʻrin olamiz.

    — Oʻz oldiga aniq maqsadni qoʻyib ishlayotgan bunday tadbirkorlarimiz safi tobora kengaymoqda, — deydi “Gʻijduvon” maxsus iqtisodiy zona direksiyasining infratuzilmani rivojlantirish masalalari boʻyicha shoʻba boshligʻi Zohid Eshmurodov. — Mana, Bekovlar xonadoni vakillarini olib koʻring. Bu oila ishbilarmonligi bilan nom qozongan. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga muvofiq, “Gʻijduvon” maxsus iqtisodiy zonasi tashkil qilingani mazkur oila aʼzolarida ishlab chiqarish korxonasi barpo etishga ragʻbat uygʻotdi.

    Moliyaviy muassasa biznes loyihani 500 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit ajratish bilan qoʻllab–quvvatladi. Bu hamda oilaning shaxsiy mablagʻi bino qurish, xorijdan zamonaviy uskunalar xarid qilishga sarflandi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay peshtoqida “Bek Bags Business” yozuvli bino qad rostlab, butun boshli korxona ish boshladi. Hozir bu yerda ayollar, bolalar va sportchilarga moʻljallangan 25 turdagi import oʻrnini bosadigan sumkalar ishlab chiqarilmoqda. Oʻttiz nafardan ziyod kishi ish bilan band.

    Iqtisodiy zona joʻgʻrofiyasi kengaymoqda

    “Gʻijduvon” MIZni tashkil etish uchun dastlabki bosqichda 67,5 gektar yer maydoni ajratilgan edi. Keyin esa Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgustdagi 671-sonli qaroriga muvofiq Kogon tumani hududidan 200 gektar, shuningdek ,Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-noyabrdagi ““Gʻijduvon” maxsus iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-13-sonli qaroriga muvofiq Peshku va Qorovulbozor tumanlari hududidan 200 gektar yer maydoni ajratildi.

    “Buxoro Gypsum” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona iqtisodiy zona tarkibida ish boshlagan Kogon tumanidagi dastlabki tadbirkorlik subyektidir. Umumiy qiymati 15,7 million AQSH dollari boʻlgan bu korxona qurilishbop gipsakarton va quruq aralashmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Bu yerda 115 kishi mehnat qilmoqda. Tumandagi Siyozpoyon mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Sanjar Raupov ana shularning biri.

    — Buxoro muhandislik–texnologiya institutida tahsil olganman, —deydi u. — Shunday zamonaviy korxonaning ishga tushgani menga oʻxshagan yoshlar uchun ayni muddao boʻldi. Ishim oʻzimga yoqadi. Toʻgʻri, ilgari tumanimizdan chamasi 100-120 kilometr uzoqlikda joylashgan Qandimdagi korxonada ishlardim. Ammo yoʻlning olisligi noqulayliklar tugʻdirayotgandi. Endi esa men uchun bunday muammo yoʻq. Oilam bagʻridaman. Turmush oʻrtogʻim ham ishlaydi. Ikki qizimiz bor. Oʻzimizga tinchmiz.

    Aytish joizki, korxona mahsulotlari — gipsokarton va boshqa qurilishbop mahsulotlar nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir. Ular qoʻshni Turkmaniston va Tojikiston Respublikalariga eksport qilinmoqda. Jumladan, keyingi bir oyda xorijlik buyurtmachilarga 25 ming kvadrat metr gipsokarton yetkazib berildi.

    Eʼtiborlisi, maxsus iqtisodiy zona uchun ajratilgan hududda shu yilning yozida akril ip-kalava ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan yana bir yirik loyiha ishga tushadi. “Siyovush plyus” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati 26 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shuningdek, xitoylik sarmoyadorlar tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri investitsiya kiritish orqali gofra qogʻoz ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yana oʻnlab kogonlik yoshlar ishli boʻladilar.

    2400 dan ziyod qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi

    — Bugungi kunda 32 nafar investor tomonidan Maʼmuriy kengash maʼqullagan umumiy qiymati 154,33 million dollarlik 40 ta loyiha amalga oshirilmoqda, — deydi “Gʻijduvon” MIZ direksiyasi rahbari Oybek Qazoqov. — Hozirgacha umumiy qiymati 93,23 million dollarga teng 29 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada jami 1877 ta ish oʻrni yaratildi. Shu korxonalar tomonidan 2020-yilda 361,7 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 20,1 million AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilingan boʻlsa, 2021-yilda 496,3 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi va 26,8 million AQSH dollarlik mahsulot xorijiy buyurtmachilarga yetkazildi. Ishga tushirilgan korxonalar joriy yilning dastlabki choragida 3 million AQSH dollari miqdorida eksport amaliyotini bajarishdi.

    Maʼlum boʻlishicha, ayni damda “Gʻijduvon” MIZ hududida maʼmuriy kengash tomonidan tasdiqlangan umumiy qiymati 61,1 million dollarlik 12 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

    Shuningdek, umumiy qiymati salkam 200 million dollarlik 12 ta loyihani joylashtirish masalasida muzokaralar olib borilmoqda. Ularning biznes rejalari ishlab chiqilmoqda. Loyihalar 2022-2023-yillarda 50 gektar yer maydonlari negizida amalga oshiriladi. Pirovardida qoʻshimcha 2434 ta yangi ish oʻrinlarini yaratilishi koʻzda tutilgan.

    Bundan tashqari, Shofirkon tumani “Paxtaobod” MFY hududida 50 gektar, Gʻijduvon tumani Qutchi massivida 150 gektar va Romitan tumani “Qoqishtuvon” MFY hududida 200 gektar, jami 400 gektar yer maydoni hisobiga maxsus iqtisodiy zona hududini kengaytirish boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

    Bu kabi maqsad va rejalarning amalga oshishi viloyatning eksport salohiyatini kengaytiradi. Isteʼmol bozorini toʻldiradi. Yangi ish oʻrinlari yaratilishiga zamin yaratadi. Zero, sanoat yoʻnalishidagi istiqbolli loyihalar farovon hayotning kafolatidir.

    Rustam IBROHIMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri