Agar bundan unumli foydalanilsa, kichik maydondan ham yaxshigina hosil va daromad olish mumkin. Keyingi yillarda yurtimiz bo‘ylab ommalashayotgan shunday tajriba ortidan minglab oilalar qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lib, yilda bir necha marta hosil yetishtiryapti.

Buning uchun katta dehqon yoki agronom bo‘lish ham shart emas. Istak va ozgina harakat bo‘lsa kifoya. Qolganiga tomorqachilik korxonalari, agrotadbirkorlar, ixtisoslashuvni chuqurlashtirishga qaratilgan “Agrostar” korxonalari ko‘maklashmoqda. Ular talabgor xonadonlarga urug‘lik yetkazib berishdan tortib, yetishtirilgan mahsulotni eksport qilishgacha bo‘lgan jarayonni zimmasiga olmoqda. Hatto mahsulot yetishtirishni o‘rgatish uchun oilalarga agronomlar ham biriktiriladi. Bu sifatli, hosildor va eksportbop mahsulot olishni ta’minlaydi. Qarabsizki, bu hamkorlikdan aholi ham, agrotadbirkor ham birdək manfaatdor.

Qishloq xo‘jaligidagi mazkur zamonaviy usul ilmiy atamada kooperatsiya, xalq tilida esa tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha hududlar tajribasi sifatida ommalashib boryapti. Kooperatsiya so‘zi ham aynan “hamkorlik”, “birgalikda ishlash” ma’nolarini anglatadi. Bunda aholi va tadbirkorlar ixtiyoriy tarzda o‘z maqsadlari va resurslarini birlashtirib, birga faoliyat yuritadi hamda baravar foyda ko‘radi.

Bu usul yurtimiz qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, tomorqa erlarden unumli foydalanish, yilda bir necha marta hosil olishda samara bermoqda. Agrokorxonalar va aholi hamkorligi ortidan hududlarda ixtisoslashuv ko‘lami kengayib, tomorqalarda mahsulot yetishtirish ko‘rsatkichi, eksport hajmi oshyapti.

Bugun yurtimizda 22 million tonnadan ko‘proq meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirilayotgan bo‘lsa, shuning 70 foizi aholi tomorqasi va qishloq xo‘jaligi erlariga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkichni sifat jihatidan ham oshirish asosiy vazifaga aylangan. Eksport talablariga mos mahsulotlarni yetishtirish va qayta ishlash, jahon bozorida milliy brendimizni ommalashtirish, yangi bozorlarга kirib borish ana shu vazifalarning bir qismi.

Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2025 yil 14 fevraldagi tegishli farmoni hamda qarori bilan yurtimizda ilk bor “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tashkil etilib, uning ta’sischiligida 21 tumanda ixtisoslashtirilgan “Agrostar” korxonalari ish boshladi. Bunday zamonaviy korxonalarining paydo bo‘lishi mamlakatimiz amaliyotida tomorqachilik va dehqonchilikni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Ular qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish va eksport qilish uzluksizligini ta’minlash, jahon bozorida milliy brendni yaratishga qaratilgan harakatlarning asosiy kuchiga aylanishi maqsad qilindi.

Bu borada “Agrostar” korxonalari bevosita tomorqa er egalari, dehqon va fermerlar bilan kooperatsiya asosidagi hamkorlikda ishlaydi. Ularga tuproq tahlilidan tortib, yuqori qiymatli bozorlarni topish va aholi tomorqasida yetishtirilgan mahsulotlarni yagona milliy brend ostida eksport qilishgacha ko‘maklashadi. Bu mahsulot ekilishidan to pishib yetilguniga qadar ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan nazorat qilinadi degani. Buning uchun “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tomonidan o‘nlab xorijiy mutaxassislar, malakali mahalliy agronom, texnolog, usta-dehqonlar bilan shartnomalar imzolanib, ular agro konsultant sifatida ish olib boryapti.

Xolding tarkibidagi korxonalarning har biri muayyan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Ya’ni har bir “Agrostar” korxonasi o‘ziga biriktirilgan hududda tomorqa er egalari va dehqon xo‘jaliklari bilan hamkorlik asosida muayyan turdagi mahsulotni yetishtirishni yo‘lga qo‘yadi. Masalan, “Yangiyo‘l — Agro Star” MCHJ pomidor va bulg‘or qalampiri yetishtirish bilan shug‘ullansa, “Asaka — Agro Star” MCHJ sabzavot ko‘chatlari, “Oltiariq — Agro Star” korxonasi esa uzumchilikka ixtisoslashgan.

Davlatimiz rahbari joriy yil 27-28 aprel kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida “Quva — Agro Star” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bugun shunday ixtisoslashgan agrokomplekslar yurtimiz qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi bilan bog‘liq bo‘shliqni to‘ldirayotgani ta’kidlandi. Korxonalar sifatli mahsulot yetishtiribgina qolmay, ularni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish uzluksizligini ham ta’minlamoqda.

Yetkazib beruvchi ham, sotib oluvchi ham aniq

Vodiyining mashhur tumanlaridan birida joylashgan “Quva — Agro Star” MCHJ korxonasi anor, gilos, shaftoli kabi mevalarni yetishtirishda yangicha yondashuvlarni yo‘lga qo‘ygan. Biroq faoliyati bu bilan cheklanmaydi. Majmuada yiliga 12 turdagi 5000 tonna mahsulot yetishtirilib, ularni saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan jarayon yagona zanjirda birlashtirilgan. Har bir bosqich Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar asosida olib boriladi.

Korxonaning katta-katta er maydonlarida intensiv gilos, shaftoli hamda boshqa mevali daraxtzorlar tashkil etilgan. Ular tomchilatib sug‘orish tizimiga asoslangan. Bu bog‘lardaги mevalarga qarab, zamonaviy usulda yetishtirilayotganini payqash qiyin emas. Nafaqat ko‘rinishi, balki ta’mi ham o‘zgacha mevalar xalqaro talablariga mosligi bilan jahon bozorida ancha xaridorgir.

Ammo mahsulotlarning asosiy qismi aholi tomorqasida yetishtiriladi. Korxona tumanning 33 mahallasidagi 3000 ta xonadon va 1000 ta dehqon xo‘jaligi bilan kooperatsiya hamkorligini yo‘lga qo‘ygan. Bunda hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, turli yo‘nalishlarda ish yuritiladi. Yo‘nalishlardan biri sifatli, iqlimga mos, kasalliklarga chidamli ko‘chat yetishtirish bilan bog‘liq. Tumanda ko‘chatchilikka ixtisoslashgan mahallalar bor. “Agrostar” korxonasi ulardagi xonadonlarga gilos, shaftoli kabi mevali daraxtlar, gul navlari payvandtagini yetkazib beradi. Bu payvandtaglar korxonaning “invitro” laboratoriyasida zamonaviy usul hamda maxsus sharoitda tayyorlanadi. 40 sotix maydonda esa mikroiqlimli issiqxona qurilgan bo‘lib, unda yiliga 1 millionta payvandtag tayyorlash imkoniyati mavjud.

— Xonadonlarda ko‘chat kooperatsiya shartnomasi asosida yetishtiriladi, — deydi “Quva — Agro Star” MCHJ direktori o‘rinbosari Jahongir Yoqubov. — Bunda biz aholiga sifatli navdagi payvandtag yetkazib beramiz. Odamlar esa undan o‘z tomorqasida ikki yil davomida ko‘chat tayyorlaydi. Ushbu ko‘chatlarni kelishilgan narxda sotib olamiz. Payvandtag xarajati chegirib tashlanganda ham xonadon egalari ko‘chatdan bir necha barobar ko‘p daromad ko‘rishi mumkin. Tayyor ko‘chatlar esa tomorqa er egalari, fermer va dehqon xo‘jaliklariga mahsulot yetishtirish hamda bog‘ barpo etish uchun yetkazib beriladi. Bu jarayon ham bevosita korxona ishtirokida bajarilib, ko‘chatni xarid qilgan xonadonlardan yetishtirgan mahsulotlarini o‘zimiz sotib olamiz yoki eksportga yo‘naltirishga ko‘maklashamiz.

Sifatli va eksportbop mahsulot yetishtirishning asosiy mexanizmlarini korxona zimmasiga oladi. Aholi esa ekinlarni tomorqasida parvarishlab, tayyor holatga keltirib berishi kerak. Buning yaxshi jihati shuki, odamlarni ko‘chatning sifatsizligi, agrotekhnik tadbirlar bilan bog‘liq tajribasizlik va eng asosiysi, tayyor mahsulotni sotish muammosi bezovta qilmaydi. Aholi o‘z tomorqasidan foydalanadi va buning uchun yaxshigina daromadga ega bo‘ladi. Hududlarning bir mahsulotga ixtisoslashishi esa sotuv va eksport imkoniyatini kengaytirmoqda.

Tumaning O‘zbekiston, Turk, Qaqir mahallalari gulchilikka ixtisoslashgan. Aksariyat xonadonlarda gul ko‘chati tayyorlanadi. “Agrostar” bu yo‘nalishda ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Sifatli gul ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha talabgorlarga bo‘lib to‘lash yoki imtiyozli kredit shartlari asosida mikroiqlimli issiqxonalar qurib berilyapti.

Hozir ko‘chat yetishtirishda peshqadam xonadonlar soni ancha ko‘paygan. Shu bois, Quva tajribasi tumaning o‘zidan tashqari boshqa hududlarda ham keng yoyilib bormoqda. Jarayon davomida odamlarga kichik er maydonidan ko‘proq daromad olish amaliyoti o‘rgatilmoqda. “Agrostar” korxonalarining o‘ziga xos jihati ham shunda — ular tanlab olingan hududlarda aholini o‘z tomorqasida belgilangan turdagi mahsulotni yetishtirishga jalb qilish bilan cheklanmay, odamlarni shu yo‘nalishda o‘qitib, tajribali hududlar, xonadonlar amaliyoti bilan tanishtirib boradi. “Uzagrostar xolding” kompaniyasiga biriktirilgan tijorat banklari esa talabgorlarga moliyaviy masalalarda ko‘mak beradi.

“Agrostar” korxonalari oldiga qo‘yilayotgan asosiy vazifalardan biri ham shu — aholiga urug‘ tanlash, agrotekhnik tadbirlarni to‘g‘ri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berishga qaratilgan. Boisi, endi tomorqa shunchaki qo‘shimcha daromad manbai emas, balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yo‘nalishiga aylanishi kerak.

Bugun “Quva — Agro Star” korxonasi sa’y-harakatlari bilan odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million so‘mgacha daromad olish amaliyoti o‘rgatilayotgani buning yaqqol misoli. Davlatimiz rahbari agrokorxona erishayotgan natijalarni yuqori baholagani boisi shunda.

Barcha xizmat — bir manzilda

Farg‘ona viloyati azaldan sara mevalari bilan nom chiqargan. Vodiyining uzum va anoridagi ta’mni boshqa joydan topish qiyin. Ularning tilni yoradigan shirasi xorijda ham mashhur. Bu mevalarni qayta ishlab olinadigan tayyor mahsulot esa yanada xaridorgir.

“Quva — Agro Star” korxonasining zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlarida vodiyda pishib yetilgan eng sara mevalar qayta ishlanadi. Jumladan, quritilgan meva hamda boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Uzum mayizga, o‘riklar turshakka aylantirilganida ham ta’mini saqlab qoladi. Chunki bu eng ilg‘or usul va texnologiyalar orqali bajariladi. Qadoqlangan tayyor mahsulotlar esa xorij bozoriga o‘zimizning milliy brend — “Dehkan” nomi ostida eksport qilinmoqda.

— Mahsulotlarimiz Global GAP, ISO 22000, Halal hamda HACCP kabi xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lib, bu jahon maydonida milliy brendimizga ishonch va qiziqishni yanada oshiradi, — deydi Jahongir Yoqubov. — Yildan yilga eksport geografiyamiz kengayib bormoqda. O‘tgan yili ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot eksport qildik. Chet davlatlarda anor, gilos, quritilgan mevamizga talab katta. Bu yo‘nalishda hozir bozorda raqobat kuchli ekani ham bor gap. Biz mahsulotlarni zamonaviy usulda qayta ishlab, qadoqlash barobarida asl ta’mi va yuqori sifatini saqlab qolishga harakat qilamiz. Bu xaridorlarimizga ham ma’qul. Joriy yil uchun ko‘plab eksport shartnomalari imzolaganmiz. Yil davomida tashqi bozorga 25 million dollarlik mahsulot yetkazib berish rejalashtirilgan.

Bu reja nafaqat korxonaning o‘zida, balki aholi tomorqalari, dehqon va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan mahsulotlar hisobiga bajariladi. Korxona viloyatning Quva va Quvasoy tumanlaridagi 12 ming gektar bog‘ka xizmat ko‘rsatish orqali mevalarni yetishtirishdan tortib, ularga xaridor topish va eksport qilishgacha ko‘maklashadi. Mahsulotlar patentlanib, qayta ishlanadi va milliy brendda qadoqlanadi. Qolaversa, “Agrostar” o‘z mahsulotlarini sotishga qiynalayotgan aholi xonadonlari bilan ham ishlayapti. Tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulotlarni saralash, saqlash, qayta ishlash va sifatli tayyor mahsulotga aylantirish orqali sotish va xaridor topish xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Buning uchun yangi agrokompleks loyihasi amalga oshirildi. Quva tumani “Turk” MFYdagi 3,5 gektar maydonda yirik va zamonaviy majmua qurildi. Unda katta hajmdagi sovitkichli ombor mavjud. Mevalarni saralash, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash liniyalari ishga tushirilgan. Agrokompleks bir vaqtning o‘zida 15 eksportyorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.

Korxona loyihalarni kengaytirishda davom etmoqda. Qisqa muddatda Quva tajribasini yo‘lga qo‘ygan ushbu hudud nafaqat tuman, balki yurtimizda intensiv bog‘lar barpo etish, mahsulot yetishtirishdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan zanjirni faollashtirish, jahon bozorida milliy brendlarni tanishtishda yetakchilardan biriga aylangan. Oldinda esa ko‘zlangan rejalar ko‘p. Agro korxona kooperatsiya usulidagi loyihalarni ko‘paytirish, aholi tomorqasida sifatli, eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali ham ishlab chiqarish quvvatini oshirish, ham odamlarni daromadli qilishda davom etadi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri