Bu haqda Fargʻona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27-mart kuni soat taxminan 16:30 larda “Guliston” MFY hududidan oqib oʻtuvchi Janubiy Fargʻona kanali atrofida oʻz yerini sugʻorish maqsadida yurgan fuqaro Rahmonov Dilmurod Ergashevich kanalga oʻzini tashlagan ayolni koʻrib qolgan.
U bir zum ham ikkilanmasdan inson hayotini saqlab qolish maqsadida suvga tushib, ayolni qutqarib qolgan.
Qutqarilgan fuqaro oʻzini tanishtirish va yashash manzilini oshkor etishni istamagan. Shunga qaramay, Dilmurod uni zudlik bilan Quva tuman tibbiyot birlashmasiga olib borgan hamda holat yuzasidan tuman ichki ishlar boʻlimiga xabar bergan.
Mazkur jasoratli va insonparvarlik namunasi yuksak eʼtirof etilib, boshqarma boshligʻi, polkovnik Gʻanijon Alaviddinov tomonidan Dilmurod Rahmonov faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, uni tarbiyalagan onasiga ham faxriy yorliq va gul dastalari topshirilib, alohida ehtirom koʻrsatilgan.