Quva tumanida yashovchi Sayyora Mahmudova esa tanishi Rasuljon Mirzaalimovning taklifi bilan mazkur jinoyatga qoʻl urganda xayolan yettinchi osmonda uchib yurardi. Yaʼni yigit unga internet orqali “APPI TRAVELS.COM” sayti orqali turizmni rivojlantirish boʻyicha elektron biznes ishiga qoʻshilishni, agar shunday qilsa, dunyoning barcha mamlakatlari uchun chegirmali narxda aviachiptalar olish, mehmonxona, restoranlar, ijaraga avtomashinalar buyurtirish, internet sayti ochish, reklama va shunga oʻxshash elektron tarzda amalga oshiriladigan xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishini tushuntiradi.

— Ayniqsa, saytning oltita raqamli “Matritsa” xizmati siz uchun juda foydali, — deydi R.Mirzaolimov Sayyorani yana-da qiziqtirib. — Bu xizmatga aʼzo boʻlish uchun uch yuz dollar toʻlaysiz. Keyin tanishlaringizdan yana ikki kishini aʼzo qilasiz, ular ham ikkitadan mijozni jalb etishi kerak. Shunda siz 750 dollar bonus — daromad olasiz. Qancha koʻp odamni aʼzo qilsangiz, shuncha koʻp bonusni qoʻlga kiritasiz.

Buni qarangki, S.Mahmudovaga elektron biznesdan ham koʻra “Matritsa” xizmati haqidagi ikkinchi taklif juda maʼqul keladi. Natijada u yeng shimarib, “ish”ga kirishib ketadi. Avvalo, 300 AQSH dollari miqdorida aʼzolik badali toʻlaydi. Keyin tanishlari Shohsanam Nosirova, Mahsudaxon Tillayeva, Dilrabo Soliyeva va Farruh Moʻydinovni aʼzolikka jalb qiladi. Qarabsizki, 750 dollarlik bonusni qoʻlga kiritib turibdida.

Shundan soʻng Sayyoraning yana boshqa qadrdonlari Gulasal Aripova, Rayhonoy Soliyeva, Rohatxon Saidazimova, Lobaroy Dadajonova, Nargizaxon Sultonovalar ham saytning yuqoridagi xizmatiga aʼzo boʻlib qoʻshilishadi. Bora-bora S.Mahmudova bilan birga ular 10 kishilik jinoiy guruhga aylanadi. Axir ishlamay pul topish kimga ham yoqmaydi deysiz? Yana deng, daromad xorijiy valyutada toʻlansa. Mana shu tariqa jinoiy guruhning har bir aʼzosi oʻz tanish-bilishlarini “Matritsa” xizmatiga jalb qila boshlaydi. Jumladan, kimdir 150, kimdir 200 AQSH dollari bersa, naq 82 nafar fuqaro 300 AQSH dollaridan pul topshiradi. Hatto, 1000, 1200, 1500, 1800 AQSH dollari berganlar ham bor. Ayniqsa, fuqaro Nafisaxon Sheraliyeva bir oy mobaynida oʻzi, turmush oʻrtogʻi S.Sheraliyev, qizlari F.Toʻxtasinova, Z.Toʻxtasinova, G.Toʻxtasinova, qaynonasi S.Sheraliyeva, qayinsinglisi, uning qizi va jiyani kabi oila aʼzolarining hisobiga “atigi” 2550 AQSH dollarini jinoyatchilarning qoʻliga tutqazadi. Oqibatda, 2019-yilning aprel-iyun oylarida 95 nafar fuqaroning 71.200 AQSH dollari (606.160.184 soʻm) miqdoridagi mablagʻi noqonuniy ravishda jalb etiladi. Biroq kimdir bonusga ega boʻlsa, boshqa birov bergan pulini ham qaytarib ololmaydi. Ayniqsa, soʻnggi kunlarda jalb qilingan fuqarolarga hech qanday bonus berilmagan. Shu bois ular huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishgan. Pirovardida qingʻir ishning qiyigʻi chiqib, mazkur jinoyat fosh etiladi.

Shundan soʻng S.Mahmudova, Sh.Nosirova, M.Tillayeva, D.Soliyeva, F.Moʻydinov, G.Aripova, R.Soliyeva, R.Saidazimova, L.Dadajonova va N.Sultonovalarga nisbatan Jinoyat kodeksining yuqorida tilga olingan 1881-moddasi 3-qismi «a,v»-bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi. Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudi tomonidan esa “qahramon”larimizga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasiga binoan tegishli sinov muddatlari belgilandi. Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchilardan 15 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan 30.533.000 soʻm miqdoridagi zararni undirish ham oʻz aksini topdi.

Albatta, mazkur jinoyat ishi tafsilotlaridan voqif boʻlgan har qanday kishida bir talay fikr-mulohazalar tugʻiladi. Sudlanuvchilarku moʻmay daromad ilinjida hech narsadan tap tortmay jinoyatga qoʻl urgan. Ammo oz emas, naq 95 nafar jabrlanuvchilarning soʻrab-surishtirmay ish tutgani ham jinoyatga yoʻl ochgan. Ularning orasidan hech yoʻqsa, bitta boʻlsa ham oqni qoradan, halolni haromdan ajratadigan kishi chiqmagani achinarli.

Zafarjon OMONOV,
jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudi raisi

Xurshid SULTONOV,
jurnalist