“Yangiqishloq” MFYdagi 7 sotix tomorqasida 8 ming tupdan ortiq atirgul koʻchatini yetishtirish bilan shugʻullanib kelgan Gʻayratjon Sultonov faoliyatini kengaytirib, “Vodiy turfa gullari” MCHJ kooperatsiyasini yoʻlga qoʻydi.
“Yangiqishloq”, “Soyguzar”, “Qoʻrgʻoncha” mahallalarida 100 dan ziyod xonadonlardagi aholi bandligini taʼminladi. 400 million soʻm kredit evaziga tomorqalarga atirgul urugʻlarini va koʻchat parvarishlash uchun oʻgʻit, kimyoviy vositalar, payvantag yetkazib berishni boshladi.
2021-yilda tadbirkor 1 million 568 ming dollarlik 1,2 million tup atirgul koʻchatlarini Germaniya, Rossiya, Polsha, Latviya, Belorussiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlari bozorlariga yetkazib berdi.
Tumandagi asosiy gul yetishtiruvchilar hududi boʻlgan Qoraqum MFYda esa Umidjon Bozorov tashabbus koʻrsatib, loyiha qiymati 2,5 milliard soʻm boʻlgan gulchilik kooperatsiyasini amalga oshirmoqda.
Xonobod MFYda ham xonadonlarda yiliga 1 million donadan ziyod atirgul koʻchatlari tayyorlanmoqda.
Mahallada istiqomat qiluvchi Muhriddin Akbarov esa 4 sotix maydondagi issiqxonada va bundan tashqari ochiq tomorqa hududida atirgul yetishtirib, yiliga 50-60 million soʻm miqdorida daromad olayotganini taʼkidladi.
— Oldin Rossiyaga borib ishlab kelar edim. 2019-yildan gul yetishtirishni boshladim. Tomorqada 3-4 kishi doimiy band boʻlmoqda. Daromad yaxshi boʻlgani uchun endi chet elga borib ishlashga oʻrin qolmadi, — deydi Muhriddin Akbarov.
Maʼlumot uchun: Hozirda tumanda 15 mingdan ziyod xonadon gulchilik bilan shugʻullanmoqda.