Taraqqiyot hayotni oʻzgartiradi, dunyoqarashimiz, tutumlarimizga yangi havo olib kiradi. Yashash qonuniyati shunday. Maqsad esa bitta — yaxshi yashash va qulay muhitda uzoq umr koʻrish. Buning uchun esa sogʻlom hayot tarziga amal qilish talab etiladi. Aslida bu juda oson: toʻgʻri ovqatlanish, koʻproq piyoda yurish, badantarbiya mashqlarini bajarish, illatlardan yiroq boʻlish. Bunday kishilarning qalbi va ruhiyati ham poklana boradi. Sogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollik diniy eʼtiqodlarda ham qoʻllab-quvvatlanadi.
Kuchli moʻmin kuchsiz moʻmindan yaxshiroqdir
Muborak dinimiz dunyo va oxiratga tegishli barcha sohalarni qamrab olgan, yaxshi amallarni targʻib qilib, yomonlaridan ogohlantirgan. Jumladan, musulmon kishi ham maʼnan, ham jismonan sogʻlom va baquvvat boʻlish masalasida Qurʼoni karim hamda Paygʻambarimiz sunnatida yetarlicha koʻrsatmalar berilgan. Xususan, foydali va sogʻliq uchun zarur boʻlgan jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanishga chaqiriq bor.
Paygʻambarimiz alayhissalom jismonan baquvvat boʻlgani va sahobalarni ham jismoniy faol boʻlishga targʻib qilgani sahih manbalarda aytilgan. Zero, jismoniy faol boʻlish, inson tanasiga quvvat berib, sogʻliqni saqlash yoʻlida benazir usul hisoblanadi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom aytadi: “Baquvvat moʻmin zaif moʻmindan koʻra, Alloh taologa mahbubroq va yaxshiroqdir. Lekin har ikkisidan ham yaxshilik bor”.
Inson ham ruhiy, ham jismoniy ozuqaga muhtoj. Ruhiyatning ozuqasi ilmu maʼrifat boʻlsa, uning moddiy ozuqasi yeb-ichmoq va jismoniy harakatlardir. Harakat inson vujudiga quvvat berish bilan bir qatorda, tanada shakllanayotgan har qanday zararli illatlar, kasalliklarni bartaraf etadi. Islom dini insonlar baquvvat, jismonan faol boʻlishiga hech qachon toʻsqinlik qilmaydi. Balki moʻmin kishini aqliy, axloqiy, jismoniy va ilmiy jihatdan quvvatli boʻlishini iroda qiladi. Jismonan faol, baquvvat inson diniy ibodatlar va dunyoviy vazifalarni gʻayrat-shijoat bilan qiyinchiliksiz bajaradi. Jismoniy faol, kuchli boʻlish uchun sportning maʼlum turi bilan shugʻullanish shariatimizda muboh amallardan sanaladi. Agar sogʻliqni saqlash, badantarbiya zarurati taqozo qilsa, mustahab va muhim amalga aylanadi.
Paygʻambarimiz alayhissalom zamoniga nazar soladigan boʻlsak, birinchi navbatda, Ul zotning oʻzlari, sahobalar, hatto sahobiya ayollar ham jismoniy mashgʻulotlarning bir necha turidan foydalanganini koʻrishimiz mumkin. Sahobalar koʻpgina jismoniy mashqlarda oʻzaro musobaqalashar edi. Paygʻambar alayhissalom ularning bu ishlarini koʻrar, lekin inkor qilmasdilar.
Kamondan oʻq otish ham ularning davrida rivoj topgan va jismoniy faol boʻlishni talab etuvchi mashgʻulotlardan biri boʻlgan. Zero, jismoniy harakatning mazkur turi insonning bilaklari baquvvat boʻlishini talab etadi. Shuning uchun Paygʻambar alayhissalom: “Bilib oling! Quvvat kamon otishdadir!”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Paygʻambarimiz alayhissalom davrida ot minish ham jismoniy faollik sanalgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Kim oʻzarga mukofot berish yoʻq! Magar tuya choptirish, ot choptirish va oʻq otish bundan mustasno”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Suzish ham jismonan sogʻlom boʻlish, chiroyli qomat shakllanishida asosiy mashgʻulotlardan biri hisoblanadi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadi: “Farzandlaringizga suzishni, oʻq otishni oʻrgatinglar! Otga bir sakrab chiqishga qodir boʻlishlarini aytinglar!”. Hammamizga maʼlumki, otga bir sakrab chiqish uchun kishi yetarli darajada baquvvat boʻlishi talab etiladi. Hazrati Umardek zot farzandlarni mana shu darajada quvvat kasb qilishni, jismonan baquvvat boʻlishini talab qilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ota-onalar farzandlariga befarq boʻlmasligi, ularning sogʻlom va jismoniy faol boʻlishi yoʻlida zarur shart-sharoitlarni yaratib berishni taqozo etadi.
Yana Paygʻambar alayhissalom davrida eng koʻzga koʻringan, kishining qay darajada baquvvat ekanini namoyon qiladigan, shu bilan birgalikda keng tarqalgan sport turlaridan biri, bu — pahlavonlik — kurash turi. Unda kurashuvchilardan biri ikkinchisini zarar va ozor bermagan, ustidan masxara qilmagan holda, yerga yotqizish talab qilingan.
Rukona ibn Abd Yazid nomli kishi Paygʻambarimiz alayhissalom davrida eng nomi chiqqan, kuchli va yengilmas kurashchilardan edi. Paygʻambarimiz alayhissalom uni bir emas, bir necha bor yiqitganlari siyrat va sunnat kitoblarida mashhurdir.
Mutaxassislarning maʼlumotiga koʻra, jismoniy mashgʻulot turlarining ichida badantarbiya, piyoda yurish ham sogʻliqni tiklash uchun eng foydali mashgʻulotlardan biri. Holbuki, Paygʻambarimiz alayhissalom piyoda yurganlarida sahobalar Ul zoti sharifga yeta olmasligi bayon qilingan.
Paygʻambarimiz piyoda tez yurar edilar, lekin shoshilib yurmasdilar. Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Safarda Paygʻambar alayhissalom bilan musobaqalashdim va Ul zotdan oʻzib ketdim. Keyinchalik goʻshtim ortganda (yaʼni vaznim ortganda) ham musobaqalashdim. Lekin unda Paygʻambar alayhissalom mendan oʻzib ketdilar. Shunda U zot: “Ey Oisha! Bu — oʻshangadir (yaʼni biru bir boʻldi)”, dedilar. Yaʼni oʻtgan safar sen gʻolib eding, bu safar men. Ikkimiz teng boʻldik, degan mazmunda soʻz aytdilar.
Bu hadisi sharifdan ham erkaklar, ham ayollar jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishi joiz va yaxshi ekani maʼlum boʻladi.
Paygʻambarimiz alayhissalom qad-qomatlari kelishgan, oʻrta boʻyli, yelkalari keng va baquvvat inson boʻlganlar. Shayx Muhammad Gʻazzoliy Paygʻambarimiz alayhissalomning quvvatli boʻlganlariga dalolat qiluvchi uch voqeani zikr qilgan.
Paygʻambarmiz Makkadan Toifga piyoda borganlar. Oʻsha paytlarda yoʻllar hozirgidek tekislangan emas edi. Qolaversa, Makka bilan Toif orasidagi masofa togʻli, oʻnqir-choʻnqir yoʻllarga toʻgʻri keladi. Shunday boʻlsada, Ul zot Toifga piyoda yoʻl bosib borganlar.
Kunlarning birida Paygʻambarimiz alayhissalom ikki sohiblari — Ali va Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuma bilan safarga chiqdilar. Ularda birgina ulov bor edi. Uni bir kishi minar, ikki kishi esa piyoda yoʻl bosar edi. Ali ibn Abu Tolib va Abdulloh ibn Ravoha ikkilari Paygʻambarimiz alayhissalom piyoda yurib, oʻzlari ulovda yurishdan xijolat tortdilar. Shunda Paygʻambarimiz alayhissalom ularga keskin javob qaytardilar va siz ikkingiz mendek piyoda yurishga qodir emassizlar va men ham ajr-savobga sizlardek ehtiyojmandman, dedilar. Shu zaylda uzoq masofani piyoda bosib oʻtdilar.
Handaq gʻazotida sahobalar yer kovlash jarayonida katta bir toshga yoʻliqdilar. Uni parchalashga ojizlik qilganlaridan soʻng Paygʻambarimizga murojaat etishga majbur boʻldilar. Ul zot kelib, kirka (tosh maydalaydigan) bilan bir necha zarbada toshni parchalab yubordilar.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Odamlar Paygʻambar alayhissalomga zaiflik, holdan toyganliklari borasida shikoyat qilib keldilar. Shunda Ul zot ildam-ildam qadam tashlab (loʻkillab) yurishga buyurdilar. Ular Rasulullohning aytganlarini qildilar va shu usul yengil ekan, dedilar”.
Koʻrib turganimizdek, dinimiz insonlarni har tomonlama kuchli, baquvvat, jismonan va ruhan sogʻlom boʻlishga targʻib etadi. Dangasalik, yalqovlik, ojizlik va zaiflikdan yiroq boʻlishga chaqiradi. Paygʻambarimiz alayhissalom mazkur illatlar forigʻ boʻlish uchun Allohdan doimo panoh soʻraganlar. Allohdan har jihatdan ofiyatda boʻlishni duo qilganlar. Zero, baquvvat va sogʻlom insonning ibodatlari ham goʻzal, benuqson boʻladi. Quvvatli inson avvalo, oʻzi uchun, qolaversa, atrofdagi, jamiyatdagi insonlar uchun manfaatlidir. Kuch-quvvatli inson ibodatda mustahkam boʻlishda, ojiz insonlarga yordam qoʻlini choʻzishda, jamiyat barqarorligini taʼminlashda, ayniqsa, rizq-roʻzini topib, farzandlarini kamolga yetishi yoʻlida toliqmay mehnat qilishda boshqalarga oʻrnak boʻla oladi.
Jismonan faol boʻlgan kishi doimo koʻrkam, salobatli, gʻayrat-shijoatli koʻrinadi. Sogʻlom tanada esa sogʻlom aql va teran ruhiyat shakllanadi. Jismonan barkamol inson har xil illat va kasalliklardan yiroq boʻladi. Oʻz salomatligini nazorat qilish, sogʻligʻini saqlash yoʻlida qaygʻurish har bir moʻmin va moʻminaning islomiy burchi hisoblanadi.
Dinimizda sogʻlom hayot tarzini yoʻlga qoʻyish uchun eng goʻzal koʻrsatmalar berilgan. Kishi sogʻlom hayot tarzini yoʻlga qoʻyish uchun, avvalo, tozalikka rioya qilishi, badantarbiya bilan shugʻullanishi, oʻz vaqtida dam olishi va toʻgʻri ovqatlanishni yoʻlga qoʻyishi zarur.
Islom — harakat dini
Ming yillardan buyon insoniyat salomatlikni saqlash va uzoq umr koʻrish sirlarini oʻrganib keladi. Koʻpchilik olimlar tajribalarga asoslanib salomatlik garovi ruhiy xotirjamlik va jismoniy faollik ekanini eʼtirof etadi. Aksincha, ruhiy iztiroblar, harakatsizlik va ortiqcha vazn esa turli kasalliklarni boshlab keladi. Ayniqsa, qulayliklar koʻpaygan, hamma narsa oʻtirgan joyda boshqariladigan bugungi zamonda jismoniy faollik masalasi yana-da dolzarb boʻlib bormoqda.
Zubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom halol rizq uchun harakat qilishga qiziqtirib shunday deganlar: “Bir kishi arqoni bilan yelkasiga oʻtin orqalab kelib, uni sotishi xohlasa beradigan, xohlamasa bermaydigan odamlar oldiga borib, tilanib yurganidan yaxshiroqdir”.
Paygʻambarimiz alayhissalom umrlari davomida halol rizq talabida boʻlganlar, yoshlik davrida qoʻy boqqan boʻlsalar, yigitlik davrida Xadicha onamizning mollarini sotib, tijoratda sherik boʻlganlar. Keyin esa Alloh taolo Ul zotga koʻp gʻanimatlar ato qildi. Xaybarda bir qancha yerlari boʻlib, oʻshandan chiqqan mablagʻ bilan ahli ayollariga nafaqa berar edilar. Boshqa hadisi sharifda esa: “Kishi yeydigan eng yaxshi taom qoʻl mehnati evaziga kelganidir. Allohning paygʻambari Dovud alayhissalom ham oʻz qoʻl mehnati evaziga taom yegan”, deyiladi.
Rivoyat qilinishicha, Dovud alayhissalom temirchi, Odam alayhissalom dehqon, Nuh alayhissalom duradgor, Idris alayhissalom chevar va Muso alayhissalom choʻpon boʻlganlar.
Paygʻambarimiz alayhissalomning yana bir chiroyli odatlari shu ediki, shanba kunlari ulovda yoki piyoda holda Madina chekkasidagi Qubo masjidiga yaqinlarini ziyorat qilish uchun borar edilar. Demak, dinimizning buyrugʻi — silai rahm qilish, qarindoshlarni ziyorat qilish ham musulmonni harakatga keltiradi.
Islomning ulugʻ farzlaridan yana biri — Haj ibodati ham musulmon kishidan faol jismoniy harakatni talab etadi. Hoji muborak safari davomida bir necha oʻn kilometrlarni piyoda bosib oʻtishiga toʻgʻri keladi. Alloh taoloning hikmatini qarangki, bugungi texnika rivojlangan paytda ham piyoda yurmaslikning iloji yoʻq, chunki odamlar koʻpligidan texnikada yurib boʻlmaydi.
Dinimiz musulmonlarni Vatan himoyasida doim shay turishini talab qiladi. Bu ham har bir moʻmin-musulmondan jismonan sogʻlom, baquvvat va chiniqqan boʻlishini taqozo qiladi.
Odamlar orasida Islom dini sportga qarshi degan notoʻgʻri tushunchalar yuradi. Aslida dinimiz sportga qarshi emas, lekin uning qimorga, shafqatsizlik va qotillikka aylanishiga toqatsiz.
Paygʻambarimiz alayhissalom sahobalarini turli jismoniy musobaqalar, otda chopish, suzish, oʻq otish, kurash va hokazolarga targʻib qilardilar. Oʻsha musobaqalar zamonaviy sport turlarining qadimgi koʻrinishlari edi.
Shunday qilib ixlos bilan qilingan har qanday ibodat sogʻligʻimiz garovi boʻladi. Biz u hikmatlarni bilsak ham, bilmasak ham, koʻplab foydalar qoʻlga kiritiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, dinimiz doimo insonlarning faol jismoniy harakatini, ham ruhan, ham jismonan sogʻlom boʻlib, oʻzi va oʻzgalarga foydasi tegishini olqishlaydi. Sogʻlom boʻlish esa maʼnan kamolotga erishishga yordam beradi.
Alloh taolo barchalarimizni jismonan quvvatli, ruhan tetik va hadisi sharifda aytilganidek, oʻziga mahbub moʻminlardan boʻlishimizni nasib aylasin!
Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy