Quyosh batareyalari oʻzimizda ishlab chiqariladi

    Sanoat 11 May 2022 4225

    Toshkent viloyatida yiliga 40 ming komplekt quyosh batareyalari ishlab chiqaradigan loyiha ishga tushadi.

    Viloyatda hozirgi kunda 75 ta elektrotexnika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud boʻlib, yillik ishlab chiqarish quvvati 183 million dollarni tashkil etadi.

    2022-2024-yillar rejasiga nazar tashlanadigan boʻlsa, Toshkent viloyatida mazkur yoʻnalishda 274 million dollarlik qoʻshimcha 38 ta loyihalarni ishga tushirish reja qilingan. Natijada 5 875 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    Yillik ishlab chiqarish hajmi 513 million dollar, eksport 91,4, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar 217 million dollarga oshishiga erishiladi. Bu esa viloyat iqtisodiyotiga qoʻshimcha 264,6 milliard soʻm mablagʻ qoʻshiladi, degani.

    Ana shunday loyihalardan biri joriy yilda “Renerca” MCHJ XK (“FREE VOLT”) tomonidan Nurafshon shahrida 34 milliondan ortiq sarmoyalar hisobiga yiliga 40 ming komplekt quyosh batareyalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2022-yil yakuniga qadar, yana 15 ta loyiha hayotga tatbiq qilinishi natijasida 857 ta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.