Ma'lumki, muqobil energiya manbalari insoniyatning energiyaga bo'lgan ehtiyojlarini qondirishda muhim o'ringa ega.
Shunday manbalardan biri quyosh panellari quyosh nurlari ta'sirida elektr tokini hosil qiladi. Ammo tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, quyosh nurlari yo'nalishi o'zgaruvchan bo'lgani bois quyosh panellari yo'nalishini unga mos tarzda o'zgartirishni talab etadi.
Ushbu loyiha fotoelementlarga tushayotgan yorug'lik miqdorini hisoblagan holda, eng ko'p yorug'lik olish mumkin bo'lgan tomonga burilish imkoniyatini yaratadi. Ushbu proektni quyosh panellariga biriktirgan holda foydalanilsa, energiya olish samaradorligi bir necha barobar ortadi.
O'zbekiston 2025-yilga qadar umumiy qiymati 5,3 milliard dollar bo'lgan 810 ta loyihani amalga oshiradi. Loyihalar orasida O'zbekistonning 25 ta eng yirik korxonalarida energiya sarflashni kamaytirish rejalashtirilgani inobatga olsak, yuqoridagi loyiha juda samarali bo'lishini ta'kidlash joiz.
Bundan tashqari, O'zbekistonning 2022-2026-yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasiga asosan, mamlakatda «yashil» energetikani rivojlantirishga alohida e'tibor berilgan. Xususan, 2026-yilga borib, O'zbekistonda quyosh va shamol elektr stantsiyalari hajmi 8 ming MVtga, gidroelektr stantsiyalari hajmini esa 2 920 MVtga (jami 10 920 MVt) etkazish belgilangan.
Intellektual mulk agentligi tomonidan dastur ro'yxatdan o'tkazilib, DGU 14469 raqamli guvohnoma bilan muhofazaga olindi, deb xabar bermoqda Intellektual mulk agentligi matbuot xizmati.