Hatto sogʻlom odamlar ham baʼzi bir qoidalarga rioya etishlariga toʻgʻri keladi. Quyosh urishi ochiq havoda toʻgʻri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir boʻladi, lekin issiq taʼsir qilgandan soʻng 6-8 soat oʻtib ham boshlanishi mumkin.
Quyosh urishidan saqlanish uchun bir nechta qoidalarga rioya etish zarur:
- Iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 ga qadar tik tushadigan quyosh nurlari ostida boʻlmang.
- Tabiiy matolar (paxta, kanop va b.) dan tayyorlangan kiyim kiying.
- Albatta yengil, yorqin rangli bosh kiyim kiying. Koʻzingizga quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak taqing.
- Suv ichish rejimiga amal qiling. Tartibsiz koʻp miqdorda suv ichish faqat chanqoqni yaxshi bosmaydi, lekin yurakni zoʻriqtiradi. Yaxshisi achchiqroq damlangan choy, kvas, har xil sharbatlar, mineral suv iching. Uydan chiqishingizda oʻzingiz bilan olvoling.
- Quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning.
- Quyoshda boʻlib qaytganingizdan soʻng, dush qabul qiling yoki hoʻl sochiq bilan artining.
- Och qoringa yoki ovqat yeganingizdan soʻng darhol quyosh ostida boʻlmang.
Quyosh urishi yoki issiq urishi belgilari:
- darmonsizlik, charchoq, bosh ogʻrigʻi va chanqash kuzatiladi;
- bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada ogʻriq boʻlib, pulʼs va nafas tezlashadi. Ayrim paytlarda koʻngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin. Terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin.
- yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushini yoʻqotishi mumkin.
- ayrim paytlarda tutqanoq tutishi, alahsirash, gallyusinasiya kuzatilishi mumkin
Quyosh urishining ogʻir shaklida ter ajralishi toʻxtaydi, agarda bemorga tibbiy yordam koʻrsatilmasa, nafas va yurak toʻxtashi mumkin.
Quyosh yoki issiq urganda birinchi tibbiy yordam
Birinchi tibbiy yordamni toʻgʻri koʻrsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Asosiysi, kishi oʻzini yoʻqotmasdan hammasini toʻgʻri va tez bajarish zarur.
- bemorni salqin joyga oʻtkazish, chalqancha yotqizish, boshini salgina koʻtarib qoʻyish, kiyimlarini yechish, butunlay tinch muhit yaratish va toza havo kelishini taʼminlash;
- agar bemor hushida boʻlsa achchiq choy yoki sovuq suv ichirish, (yaxshisi suvga 0,5 litrga 0,5 choy qoshiqda tuz qoʻshish);
- boshini sovuq suv bilan hoʻllash yoki boshiga nam sochiq qoʻyish;
- ogʻir holatlarda bemorni hullangan choyshab bilan oʻrab qoʻyish yoki ustidan sovuq suv quyib turish mumkin, lekin ehtiyot boʻlish kerak (tana harorati 30 gradusdan tushib ketmasligi kerak). Agar iloji boʻlsa qon tomirlari koʻp boʻlgan qoʻltiq osti, chov va tizza orqasiga muz yoki sovuq suv toʻldirilgan baklashka qoʻyish kerak;
- quyosh yoki issiq urgan bemorlarni yaqin oʻrtadagi davolash muassasasiga olib borish zarur. Ogʻir hollarda esa zudlik bilan tez yordam brigadasini chaqirish zarur.