BAA kompaniyalari Oʻzbekistonda energiya saqlash tizimlarini quradi

    Abu-Dabi shahridagi “ADIPEC-2025” xalqaro forumi doirasida “Masdar” va “AMEA Power” kompaniyalari Oʻzbekistonda umumiy quvvati 500 MVt boʻlgan energiya saqlash tizimlarini barpo etish boʻyicha shartnomalar imzoladi.

    Joriy yilning 2–6-noyabr kunlari BAAning Abu-Dabi shahrida “ENACT Majlis” va “ADIPEC-2025” sunʼiy intellekt va energetikaga bagʻishlangan xalqaro forumlar boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

    Forum doirasida “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida 300 MVt/600 MVt·soat, “AMEA Power” bilan esa 200 MVt/800 MVt·soat quvvatli energiya saqlash tizimlarini qurish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Tadbirlarda energetika sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish jarayonlarini raqamlashtirish, maʼlumotlar markazlari (Data Center) hamda “yashil” energetikani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, BAA Sanoat va ilgʻor texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir, Energetika va infratuzilma vaziri Suxayl Al-Mazruiy, “Masdar”, “AMEA Power”, “Siemens Energy”, “Honeywell”, “BP” va boshqa xalqaro kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan uchrashuvlarda ikki mamlakat hamkorligining yangi yoʻnalishlari muhokama qilindi.

    Ayni paytda “Masdar” bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda umumiy quvvati 1 247 MVt boʻlgan beshta quyosh, 500 MVt shamol elektr stansiyasi va 63 MVt energiya saqlash tizimi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda.