Quyoshni elkalagan shahar

    Samarqand ruhi

    Samarqand! Sohibqiron Temurbek Koʻragon oʻz saltanatining poytaxti boʻlgan bu tabarruk tuproqni sevardi. Insoniyatga yoʻllangan ilk ezgu qadamlar shu tuproqdan boshlangan, deb bilardi. Samarqand soʻzi sharafli soʻz, bu soʻz insonga gʻurur bagʻishlaydi, derdi. Qadimiy va navqiron shaharning quyoshni yelkalab ketayotgan barsli tasviriga soatlab termulardi. Quyoshni yelkalagan shahar, deb atardi. Afsonalar shahri, ishq shahri, ustoz shahar, deb bilardi.

    …Quyoshga qaragil – olam toʻla sir,

    Said Barakaning tonglari otar.

    Olamni titratgan buyuk jahongir,

    Ustozning poyiga bosh qoʻyib yotar…

    Ustozga bunday ehtirom faqat Samarqandda bor!

    Samarqand bagʻrida oqayotgan daryo quyoshni sochib oqadi, aziz-avliyolar, gadolar, podsholar shu shahar tomon intilgan, unga kelgan gado boy boʻlib ketgan, kelgan podsho davlat tuzgan, kelgan avliyo uning bagʻrini makon tutgan, bu shahardan ketmagan.

    Tarix sahnasidan menga koʻzlar boqardi. Usmon Nosir quvilgan maktab shu shaharda gʻishtini toʻkib yigʻlardi. Usmon Nosirning ham eng goʻzal sheʼrlari shu shaharda yozilgan edi. Ikki daryo oraligʻidagi ilk teatr, ilk jurnal shu shaharda paydo boʻlgan edi. Behbudiy Vatan farzandlarini maʼrifatli etishga jonini nisor qilgan fidoyi edi. Hoji Muin Turkiston ijodkorlarining boshini silagan, bagʻri darvozasiday lang ochiq futuvvat sohibi edi. Bu shahar ilm-fan shahri, beshigi edi.

    Bu shahar bayt bilmagan mirzoni mirzo sanamagan, mirzolar xitoblarini bayt bilan aytgan. Xat yozishsa, patqalamni tomiriga sanchib bayt bilan yozishgan. Har bir Abu Lays samarqandlikman, deydi. Majnun deb bilganimiz Qays sheʼrlariyu poyqadami Samarqandga yetgan, mashhur Yesenin hozirgi temir yoʻl vokzali atrofida bir oydan oshiq qolib ijod qilgan.

    Jomiy mehridan bahra olib, Lutfiy lutfi bilan gapirib, Shoh Anvar Qosim sheʼrlaridan taʼsirlanib, oʻn sakkiz yoshli Mirzobekning “Koʻzing ne balo qaro boʻlubdur, Kim jongʻa qaro balo boʻlubdur” matlaili gʻazallarini oʻqib, Samarqand shoirlari ichida ulgʻayib, Samarqand tahsilini koʻrib Amir Alisher Navoiy boʻlgan edi. Gʻazaldagi bu oʻynoqi usul “Savti Samarqand” deb ataladi. Buni zullisonayn shoir Jamol Sirojiddin Xumiy aytgan edi. Koʻzini bagʻishlab ilk bor aruz sehrini Roʻdakiy Samarqandda boshlab bergan edi.

    Samarqand shoirlar shahri edi, sheʼriyat shahri edi.

    Bu yerda bitta mozorni yetmish pir qoʻriqlardi, yalangoyoq kezganda ruhlar chorlardi. Ali Qushchi boʻlib falakka termulsa, feruza osmon bagʻrida balqib turgan sirli oy ham Samarqand qizi boʻlib koʻrinardi. Qadim yoʻlaklardan “huvvo-huv” deya qalandarlar zikri eshitilardi. “Izlar kishim bormi?” deb Namangandan aftoda kelganida Mashrabga “shoh”lik maqomini bergan, uni Shoh Mashrab deb atab toʻn yopgan shu shahar edi.

    Mashrabshunos olimlar yurti edi.

    Qalandarlar, darveshlar shahri edi.

    Imom Buxoriy topinib kelgan shahar edi. Xoja Ahror Vali, Moturudiy shu shaharda edi. Maysalarining ustiga hadis ham, hikmat ham sep yoygan edi.

    Valiylar shahri edi.

    Temurbek saltanatiga mashvarat qilish uchun dunyoning yetti iqlimidan podsholar, ularning elchilari kelardi. Amir Temur uzoqni koʻra oladigan mohir diplomat sifatida Ispaniya qiroli Enriko III, Fransiya qiroli Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV va boshqa hukmdorlar bilan aloqa bogʻladi. Ularga elchilar yoʻlladi, maktublar yozdi, maktublar oldi. Oʻz navbatida, ispan, fransuz, ingliz, xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlar elchilari uning saroyiga tez-tez tashrif buyuradigan boʻldi.

    U ulkan davlat arbobi sifatida Yevropa va Osiyo oʻrtasida oʻzaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan yagona makon yaratish choralarini qidirdi. Bunda oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlar oʻrnatilishiga katta eʼtibor berdi. Jahonning bir tarafdan Xitoy, Hindiston, ikkinchi tarafdan Fransiya, Angliya, shuningdek, Usmonlilar imperiyasi, Ispaniya, Italiya, Misr va boshqa nufuzli davlatlari bilan yaxshi aloqalarni yoʻlga qoʻydi. Sohibqiron oliy martabali mehmonlarni barcha izzat-hurmatini joyiga qoʻygan holda kutib olish va mashvaratlar oʻtkazish uchun Bobur Mirzo “Bir mashhur oʻlang Konigil oʻlangidir. Samarqand shahridin sharq tarafidur”, deb taʼriflagan Konigilda ulkan sayilgoh barpo qildirdi.

    Mirzo Bobur Samarqand taxtiga yuz kun oʻtirib, oʻzini olam podshosidek sezgan edi. Yalangtoʻsh Bahodir ilmda tengsiz edi. Ustozining poyiga bosh qoʻygan Bahodir edi. Yetti yoshli bola shu shaharda oq kigiz ustiga chiqsa, podsho boʻlardi.

    Samarqand podsholar shahri edi.

    Klavixo va boshqa elchilar sayyohlar shahrida koʻp qolgan sayyoh edi. Samarqand abadiy mezbon edi.

    Ulugʻbek boʻynida qon hirqirardi, Spitamen boʻynida qon hirqirardi.

    Bu maydon, bu madrasalar ne jangu jadallar koʻrmadi, peshtoqlariga qanchalab boshlar osildi.

    Shahidlar shahri edi.

    Boshini dorga tikkan odamlar shu shaharda edi.

    Sarbadorlar shahri edi.

    Soʻz muqaddas qurol edi, devorlarda shamshirlar izi edi: turkiylarning bosh shahri edi. Erkaklar jangga ketganda ayolin boshida erning kovushi boʻlardi. Falakni koʻtarib turgan minoralarga, naqshin devorlarning rangin jilosiga koʻzlarida hayrat toʻlib termulardi.

    Bu samo tilsimlari koʻmilgan vatan edi.

    Samoviy shahar edi.

    Bunday shaharni sevmaslik mumkin emas edi.

    Shoirlar uyida, shohlar uyida Samarqand tasviri mehrobdek osiq turardi. Islom shayxlari kelib yuz bosgan, xalifa qoni sachragan “Qurʼon” Xonim masjidida turar edi. Ichida sharobi yoʻq qadahdek boʻlib lahv qoldi. Uni olib ketisha olmadi. Olib ketish uchun Alp Er Toʻnganing, Alpam Shahning, Alp Manasning, Alp Ongishning kuchi kerak edi. Qurʼonning oʻzini olib ketishdi.

    Tuproq kavlasang tosh sanamlaru tosh haykallar chiqadi.

    Butu sanamlar shahri edi.

    Samarqandni johillar, zolimlar, olimlar, arboblar, bosqinchilar talab ketgan edi. Hanuz talardi, bu haqda London muzeyi, Ermitaj yoki xususiy kolleksionerlar guvohlik bera olardi.

    Bu ilohiy shahar esa dardi ichida, yigʻlab yashardi.

    Koʻmilgan kitoblar, yongan kitoblar, sotilgan qoʻlyozmalar shahri edi bu.

    Bogʻi Shamolga zavod qursa, Bogʻi Shimolga paxta ekdi. Bogʻi Dilkushoga bugʻdoy… Bogʻi Behishtga molbozor qurdi. Bu ochkoʻz odamlarga Samarqandda yer kamdek edi. Bular Shirinbeka, Shodimulk, Takina Xonim, Bibi Xonim qissalarini bilmagan omi odamlar edi. Bilganlari esa boshi xam holda Ravshan Fayzday borsa kelmas yoʻllardan ketar edi.

    Bu shaharning yoygan soyasi Karmana, Jizzaxu Shahrisabz uzra taralardi.

    Shahri dilorom, shahri barno, soyavor shahar edi.

    Umarshayx Mirzodan to Shukur Xolmirzayev bobolarining ham suyaklari shu tuproqqa qoʻshilib yotar edi.

    Bu shahar qancha-qancha bosqin-istilolarni koʻrdi. Har safar gulxan qaʼridan chiqqan samandar qushday qayta-qayta qad rostladi, mashhurligi olam qadar boʻldi. Samarqand koʻp asrlar mobaynida Yevropadan Xitoygacha mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, Shimol va Janubni, Sharq va Gʻarbni yagona chorrahada tutashtirdi.

    Ajdodlar tafakkurining uygʻoqligi va aziz-avliyolarimizning uzilmas silsilasi mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevoriga tamal toshi qoʻydi. Sohibqiron Amir Temur hukmdorlar bilan mashvarat oʻtkazish uchun Konigilda ulkan sayilgoh barpo qildirgan boʻlsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadigan oliy darajadagi mehmonlar uchun 200 gektardan ziyod maydonda “Boqiy shahar” majmuasini bunyod qildirdi. Bu yerda milliy hunarmandlik ustaxonalari, milliy uslubdagi choyxonalar, Chorsu sharq bozori, xalqaro sayyohlik markazi qurildi. Markaz hududida jami 10 ta obyekt bunyod etildi, 5 yulduzli mehmonxona 2 ta, 4 yulduzlisi 6 ta, kongress xoll, karvonsaroy kompleksi mehmonlar xizmatida.

    Ajdodlar ruhi davlatimiz rahbariga ishonch, kuch-qudrat va jasorat baxsh etdi. Alp Er Toʻnga, Temurbeklar shuhratini olamga shoyon qilgan, quyoshni yelkalagan Samarqand bugun oliy darajadagi hukmdorlar mashvarat oʻtkazadigan, mintaqadagi xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama etilish uchun qulay maydon sifatida oliy darajadagi mehmonlarni qabul qilmoqda.

    Samarqand shahri koʻchalariga SHHT va unga aʼzo mamlakatlar bayroqlari, sammitga bagʻishlangan afishalar ilingan, qadimiy kent yanada ulugʻvorlik kasb etgan. SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yoʻlidagi oʻzaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yoʻlga qoʻyish borasida oʻziga xos namuna boʻldi.

    Quyosh shahri Samarqand, yangi martaba muborak!

    Talantbek PRIMOV,

    shoir