Yana bir muhim jihati shundaki, nafaqat qarorni bekor qilish, shu bilan birga sud jarayonida sarflangan harajatlarni ham qoplash imkoni bor.

Quyida notoʻgʻri qoʻllanilgan jarimalarni sud orqali bekor qilish yoʻli haqida maʼlumot berib oʻtamiz.

Notoʻgʻri qoʻllanilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilishning asosiy qadamlari:

1. Radarlar orqali chiqarilgan jarimani qonunga xilof deb hisoblasangiz hududingizdagi jinoyat ishlari boʻyicha sudga ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin. Misol uchun, avtomashinangiz Navoiy shaharda roʻyxatga olingan boʻlsa, Siz Buxorodami, Samarqanddami, farqi yoʻq qaysi hududda radarga tushganligingizdan qatʼiy nazar qarorni bekor qilish yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudiga ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin. MJtKning 315-moddasiga asosan ushbu holatda jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan shikoyat qilsangiz, davlat boji toʻlamaysiz.

2. Sud tomonidan jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror koʻrib chiqilib, jarima qoʻllash uchun asos sifatida olingan huquqbuzarlikni tasdiqlovchi dalillarning yetarli ekaniga, jarima qoʻllash uchun asoslarning mavjudligiga hamda sizning huquqbuzarlik sodir etmaganligingizni tasdiqlovchi isbotlaringiz mavjudligiga eʼtibor qaratiladi.

3. Agarda sud sizga qoʻllanilgan jarima jazosini notoʻgʻri qoʻllanilgan deb hisoblablasa, ushbu qarorni bekor qiladi. Bundan tashqari sizda sarflangan vaqt va xarajatlarni notoʻgʻri jarima qoʻllagan aybdor shaxslardan undirish huquqi ham paydo boʻladi. Bu fuqarolik ishlari boʻyicha sudga moddiy va maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisida daʼvo arizasi kiritish orqali amalga oshiriladi.

MUHIM!: MJtKning 332/1-moddasiga koʻra, jarima solish toʻgʻrisidagi qaror huquqbuzarga topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida u jarima miqdorining ellik foizini yoki oʻttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa shaxs mazkur chegirmadan mahrum boʻladi.

Sudga beriladigan arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • Jarima qoʻllash haqidagi qarorining nusxasi.
  • Haydovchilik guvohnomasining nusxasi.
  • Avtotransport qayd etish guvohnomasi.
  • Huquqbuzarlik sodir etilmaganligini tasdiqlovchi dalillar (vidio, foto)

Sudga ariza berishning afzalliklari:

Sud orqali qarorni bekor qilish, nafaqat jarima summasini qaytarish, balki oʻz huquqingizni himoya qilishning muhim vositasi hisoblanadi. Qonunni toʻgʻri tushunib, oʻz ishingizda qoʻllanishini bilish har qanday fuqaroning huquqi va masʼuliyati.

Qanday yoʻl bilan natijaga erishish mumkin?

Bu jarayonda muvaffaqiyatga erishish uchun qonunni yaxshi bilish va sudning eng yangilangan normalariga toʻliq amal qilish kerak. Qanday qilib toʻgʻri hujjatlar toʻplash, nima uchun ariza berish kerakligini tushunish va bu jarayonda qanday xato qilmaslik kerakligi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlish zarur.

Qarorni bekor qilish yoki uning natijasini olish uchun kerakli qadamlarni qoʻyish!

Huquqingizni himoya qilish uchun ushbu yoʻldan foydalanishdan qochmang. Yuqorida keltirib oʻtilgan huquqiy asoslarga koʻra, sudga ariza berishda mutlaqo hech qanday toʻlov qilinmaydi! Shu bilan birga, sud jarayonining natijasi bilan sarflangan xarajatlaringizni qaytarib olish imkoniyati mavjud.

Qonunni biling, huquqlaringizni himoya qiling!

Zulxumor AKBAROVA